ASTROBIOLOGIYA

ASTROBIOLOGIYA (astro… va biologiya) — koinotda hayotning barcha ko’rinishdagi (mikroorganizmlar darajasidan yuqori tsivilizasiyagacha) turlarini o’rganadigan fan. Astrobiologiya astronomiya, biologiya va biokimyoning yutuqlariga tayanadi va ayrim masalalarni echishda kosmik biologiya, kosmik tibbiyot bilan bog’lanib ketadi. Kosmik jism sifatida erda, uning dastlabki atmosferasi sharoitida hayotning paydo bo’lishi va rivojlanishi masalasi Astrobiologiyaning asosiy muammosi hisoblanadi. Bugungi ilmiy ma’lumotlarga ko’ra, Merkuriy, Venera va oyda hayot bo’lishi mumkin emas. Biroq atmosferasi juda siyrak bo’lgan Marsda hayot bo’lishi mumkin. Buni tekshirish maqsadida Marsga qo’ndirilgan kosmik apparatlar «Viking-1» va «Viking-2» (1976) (AQSh) yordamida avtomatik tarzda uchtadan tajribalar o’tkazildi. Mars havosi va jinsi maxsus olib borilgan oziqaga solindi. Avvaliga organik hayot borligini ko’rsatgan tajriba keyin teskari natija berdi. Tajribalar uglevodorodga asoslangan hayotni qidirishga qaratilgan edi. Holbuki hayot boshqa birikmalarga asoslangan bo’lishi mumkin. Bu masala Marsga odam tushirilgan va tajribalar o’tkazilgandan keyingina uzil-kesil hal bo’ladi. Boshqa yulduzlar atrofida hayotni izlash alohida muammo hisoblanadi. Ulargacha bo’lgan masofa uzoq bo’lgani uchun ularni hozirgacha avtomatik apparatlar yordamida tekshirib bo’lmadi. Agar ular atrofida yuqori tsivilizasiya bosqichiga erishgan hayot (aqliy faol mavjudotlar) bo’lsa, ular bilan radioaloqa o’rnatish mumkin bo’lardi. Bu maqsadda 1960 yilda hayot bo’lishi mumkin bo’lgan yaqin yulduzlar tomon radiosignallar yuborildi. Bu signallar biz yerliklar to’g’risidagi ma’lumotlarni «olib ketdi». 1974 yilda sharsimon yulduzlar to’dasi M13 tomon radiomaktub yuborildi. Javob 48 ming yildan keyin kelishi mumkin. Astrobiologiyaning sayyoralar yuzida o’simliklarni axtaradigan bo’limi astrobotanika deb ataladi. Har xil sharoitlarda (shuningdek, boshqa sayyoralar yuzasidagi sharoitga yaqin) o’simliklarning rivojlanishini o’rganadi. Ad.: Sattorov I., Avtomatik stantsiyalar sayyoralarni tekshiradi, T., 1981. Isroil Sattorov.