ASTRONOMIK ASBOB XATOSI

ASTRONOMIK ASBOB XATOSI — biron bir yoritqichni kuzatishda yoki kattalikni o’lchashda asbobning nuqsoni, noto’g’ri ishlashi va boshqa sabablarga ko’ra kelib chiqadigan xato. Hamma vaqt kuzatish va o’lchash natijalarini ko’paytirib yoki kamaytirib yuboradi. Osmon jismlarini kuzatishda kelib chiqadigan xato teleskop ob’yektivlari va ko’zgularining turli abberatsiyalar», mikroskoplarining noto’g’ri ishlashi va texnik nuqsonlari bilan bog’liqdir. Bularning hammasi izchil (sistematik) xato hisoblanadi. Astrofotografiyalarni laboratoriyalarda koordinatalarni o’lchash mashinasi, astrofotometr, astrospektrometr va hokazolar yordamida o’lchashda, asboblarni yasashda, o’rnatish yoki noto’g’ri ishlashida yo’l qo’yilgan izchil xatolar uchraydi. Xatolarning hammasi atrof muhitdagi temperatura o’zgarishiga bog’liq. Kuzatish va o’lchash davrida hamma izchil xatolar tekshiriladi va hisobga olinadi. Shu bilan birga kuzatishda teleskopga bog’liq bo’lmagan, ammo kuzatish natijalarini izchil o’zgartiradigan refraktsiyani ham hisobga olishga to’g’ri keladi. Yuqorida aytilgan hamma xatolar hisobga olinganda ham o’lchash natijalari hisoblab topilgan natijalarga mos tushmaydi. Bu hol o’lchashda tasodifiy xato borligini ko’rsatadi. Tasodifiy xatoning kelib chiqishi sabablari (qo’pol xato bundan mustasno) juda murakkab va ko’p. O’lchash natijalarini bunday xatodan xoli qilish uchun har bir kattalikni bir necha marta qayta o’lchash usuli qo’llaniladi. Tasodifiy xatolar nazariyasiga ko’ra, istalgan kattalikni kup marta o’lchash uning haqiqiy qiymatiga eng yaqin qiymatni topish imkonini beradi.