ATMOSFERA JARAYONLARI
ATMOSFERA JARAYONLARI — atmosferaning bir tekis isimasligi va unda baroklinlikning (bir xil zichlik va solishtirma hajmga ega bo’lgan yuzalarning izobarik yuzalar bilan mos tushmasligi) rivojlanishi tufayli paydo bo’ladigan jarayonlar. Atmosfera jarayonlari natijasida atmosferaning umumiy tsirkulyasiyasi va bir qancha mahalliy (lokal) tsirkulyasiyalar vujudga keladi. Atmosfera g’alayonlari —tsiklon va antisiklon tufayli atmosfera umumiy tsirkulyasiyasi yer sharining turli kengliklari va hududlari o’rtasida havo almashinuvini keltirib chiqaradi. Radiatsion sharoitlar va tsiklonlar faoliyati ta’sirida atmosfera alohida havo massalariga bo’linadi, ularning aralashib ketish xususiyatlari o’zgaradi, issiq va sovuq havo massalari orasida esa kambar o’tish zonasi — atmosfera frontlari vujudga keladi. Atmosfera jarayonlari katta geografik maydonlarda ob-havo tartibotini belgilaydi. Masalan, O’rta Osiyo hududiga sovuq havo oqimining bostirib kirishi hatto yilning issiq fasllarida ham sovuq va nam ob-havoni Janubiy tsiklonlarning ko’chishi issiq va nam, antisiklonlarning o’tishi quruq va ochiq ob-havoni vujudga keltiradi.