ATMOSFERA OZONI

ATMOSFERA OZONI — atmosferada kislorodga Quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’siridan hosil bo’ladigan gaz. Kislorodning uch atomi birikmasidan iborat. Ultrabinafsha nurlar ta’sirida ikki atomli kislorod molekulasi atomlarga bulinadi. Bu atomlar bo’linmay qolgan kislorod molekulasiga qo’shilib, uch atomli kislorod, ya’ni ozon hosil bo’ladi. Atmosfera ozoni Quyoshdan keluvchi, ko’pgina organizmlar uchun xavfli bulgan ultrabinafsha nurlarni yutadi. Atmosfera ozoni Yer sirtidan to 55 kilometr balandlikgacha bo’lgan havo qatlamida uchraydi. Asosiy qismi 20 kilometr bilan 35 kilometr orasidagi balandlikda joylashgan. Agar atmosferadagi barcha ozonlar bir qatlamga keltirilganda edi, 1,5 — 4,5 millimetr qalinlikdagi qatlam hosil bulardi. O’zbekiston hududi ustidagi atmosferada ozonning kalinligi yil davomida o’rta hisobda 1,9 dan 2,7 millimetr oralig’ida o’zgarib turadi. Atmosferada aprel oyida eng ko’p, oktabr oyida eng kam ozon bo’ladi.