ATMOSFERADAGI OPTIK HODISALAR
ATMOSFERADAGI OPTIK HODISALAR — atmosferada yorug’likning qaytishi (aks etishi), sinishi, yutilishi, sochilishi va difraktsiyasi natijasida paydo bo’luvchi hodisalar. Yorug’likning yomg’ir tomchilari va mayda muz kristallarida sinishi va difraktsiyasi natijasida osmonning Quyoshga qarama-qarshi tomonida hosil bo’ladigan rangdor yoyli kamalaklar, Quyosh va oy gardishidan bir oz uzoqlikda oqimtir yoki rangli halqa shaklida ko’rinuvchi galo hodisalari, osmon yoritqichlari atrofida hosil bo’ladigan tojlar, Gloriya hodisalari, shuningdek atmosfera refraktsiyasi, saroblar, osmonning moviy rangi, tong va shom shafag’i kabi hodisalar Atmosferadagi optik hodisalar, jumlasiga kiradi. Atmosferadagi optik hodisalar ko’pchiligi atmosferaning turli qatlamlari holati va tarkibini bildiruvchi alomat bo’lib, ob-havoning mahalliy belgilari sifatida xizmat qiladi. Atmosferadagi optik hodisalarni meteorologiya fanining bir bo’limi g’isoblangan atmosfera optikasi o’rganadi.