ATMOSFERADAGI TEMPERATURA INVERSIYASI

ATMOSFERADAGI TEMPERATURA INVERSIYASI — atmosferaning ma’lum qatlamlarida temperaturaning balandlikka qarab orta borishi. Pastki chegarasi, qalinligi va inversiya quvvati (temperaturalar farqi) bilan ifodalanadi. Atmosferadagi temperatura inversiyasi bulutlarning quyuqlanishiga, atmosferadagi vertikal harakatlarga va boshqa hodisalarga bevosita katta ta’sir ko’rsatadi. Quyidagi turlarga bo’linadi: 1. Radiatsion inversiya; bunda yer sirti kuchli nurlanish natijasida qattiq soviydi, so’ngra erga yaqin havo qatlamining pastki qismi ham yuqori qismiga qaraganda kuchliroq soviydi va yer sirti yaqinida inversiya hosil bo’ladi. Bunday jarayonlar sutkaning tungi soatlarida kuchli bo’ladi. 2. Yerga yaqin inversiya; bunda iliq havo massasi sovuq sirt ustiga siljiganda uning pastki qismi issiqligining bir qismini yer sirtiga beradi, natijada yerga yaqin havo qatlamida inversiya hosil bo’ladi (masalan, iliq dengiz havosining quruqlik ustida harakatlanishi). 3. Cho’kish inversiyasi; bu hodisa erkin atmosferada antisiklonli ob-havoda ko’proq kuzatiladi. Bundan tashqari, sovuq havo bilan iliq havoni ajratuvchi zonada frontal, tog’li hududlarda esa orografik inversiya hosil bo’ladi.