ATOM ELEKTR STANTSIYASI
ATOM ELEKTR STANTSIYASI (AES) — texnologik sxemasi jihatidan issiqlik elektr stansiyalari turiga kiruvchi elektr stansiya. Oddiy issiqlik elektr stansiyalari (tes)da ko’mir, neft, qoramoy (mazut) va gaz yoqilsa, AESda yoqilg’i sifatida uran ishlatiladi. AESning asosiy qismi atom qozoni, ya’ni atom reaktori. AESda, ko’pincha, atom reaktorlarining. 4 tipi qo’llaniladi: 1) suv-suvli (bunda susaytirgich modda o’rnida ham, issiqlik eltuvchi modda o’rnida ham oddiy suv ishlatiladi); 2) grafit-suvli (suv — issiqlik eltuvchi, grafit esa susaytiruvchi bo’ladi); 3) og’ir suvli (oddiy suv issiqlik eltuvchi, og’ir suv esa susaytiruvchi); 4) grafitgazli (gaz — issiqlik eltuvchi, grafit — susaytiruvchi). Zamonaviy atom energetikasida asosan uran-235 dan foydalaniladi. Uning tabiiy zahirasi unchalik katta emas, organik yoqilg’ining esa atigi 10% ini tashkil qiladi. Bu miqdor atom energetikasini yoqilg’i bilan uzoq vaqpgacha ta’minlay olmaydi. Yadro yoqilg’isi sifatida qo’llaniladigan plutoniy-239 va uran- 233 olish uchun xom ashyo hisoblanadigan uran-238 bilan toriy-232 ning zaxirasi yer bag’rida yetarli miqdorda. Bu yadro yoqilg’ilari erdagi energetik resursni taxminan 1000 baravar oshiradi. Hozirgi yoqilg’i ishlab chiqaradigan ko’paytiruvchi atom reaktorlarida yoqilg’i miqdorini ishlash jarayonida ortgirish mumkin. Masalan, ikki marta ko’paytirish uchun taxminan 10 yilgacha vaqt kerakligi ma’lum. Demak, odamzod atom yoqilg’isisiz qolmaydi. Atom energiyasi xalqaro agentligining xabar berishicha, 1985 yil oxirida dunyoning 26 mamlakatida atom elektr stansiyalarida umumiy quvvati 248577 MVt bo’lgan 374 reaktor ishlab turgan. Shulardan umumiy quvvati 77851 MVt bo’lgan 93 reaktorli AQSh birinchi o’rinda, qolganlari esa Frantsiya (37533 MVt), sobiq SSSR (26803 MVt), Yaponiya (23665 MVt), sobiq GDR (16429 MVt) va Angliya (10120 MVt). Dunyoning ko’plab boshqa mamlakatlarida ham AES lar ishlab turibdi. Hozirgi vaqtda xalq xo’jaligining elektr energiyasidan foydalanmaydigan biror sohasini topish qiyin. Shuning uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish yildan yilga ortib bormoqda. Masalan, 1980 yilda dunyoda ishlatilgan elektr energiyasining 5,6%, 1985 yilda — 10,8% va 1988 yilda — 27% AESlarda ishlab chiqilgan. Taqqoslash uchun 1987 yil AQSh ishlatgan energiyasining 19%, Buyuk Britaniyada 19%, Yaponiyada 30%, GFRda 34%, Frantsiyada 76% AESlarda ishlab chiqilgan. Lekin 1986 yil aprelda Chernobil (sobiq SSSR) AESda bo’lib o’tgan katta avariya butun dunyo AESlar qurilishi rejalarini buzib yubordi. AQShda qurilish ishlari sekinlashtirildi, Skandinaviya mamlakatlarida esa butunlay to’xtadi. Ammo yer yuzidagi energiya manbalari hisoblanmish — neft, gaz, ko’mir zaxiralari cheklanganligidan AESlarni takomillashtirishdan boshqa iloj yo’q. Atom energiyasi manbai uran va toriyning yer yuzidagi zaxiralari dunyo xalqlarining energiyaga bo’lgan talabini bir necha ming yillar davomida qondirib turish uchun yetarlidir. Kelajakda AESlar yetarli darajada rivojlanadi va dunyo mamlakatlarining umumiy energetika balansida yetakchi o’rinni egallaydi.