ATOM MASSASI

ATOM MASSASI, atom og’irligi — atom massalarining atom massasi birliklarida ifodalangan nisbiy qiymati. Atom massasi ifodasini ingliz kimyogari J. Dalton 19-asr boshida fanga kiritgan. 1961 yilda qabul qilingan nisbiy atom massalari birliklari shkalasiga asosan atom massasi birligi (ATM.m.b.) uglerod izotopi atomi 12S massasining 1/12 qismiga teng. Xalqaro belgisi — U. Elementar zarralar, atom yadrolari, atomlar, molekulalar massasi birligi sifatida qo’llaniladi. Atom massasi kimyoviy elementlarning eng muhim ko’rsatkichidir. Kimyoviy elementlar atomlarining tuzilishi va xossalarining o’zgarish qonuniyatlari Atom massasi bilan o’zaro bog’liq. Bir kimyoviy element izotoplarining Atom massasi qiymati turlicha bo’ladi. Izotoplar aralashmasidan tashkil topgan elementlarning Atom massasi sifatida aralashma tarkibidagi izotoplarning prosent miqdorlarini hisobga olgan holda shu izotoplar Atom massasining o’rtacha qiymati qabul qilinadi. Ushbu qiymatlar elementlar davriy sistemasida (massa soni keltirilgan transuran elementlar bundan mustasno) keltirilgan. Atom massasi turli fizik va kimyoviy usullar bilan aniqlanadi; ulardan eng aniqrog’i — mass-spektroskopiyadir. Bu usulda element ionlari nisbiy zaryadlarning qiymatlari, boshqacha aytganda, zaryad kattaligining ion massasiga nisbatan aniqlanadi. Buning uchun ionlarning elektr yoki magnit maydonida to’g’ri chiziqli harakatdan chetga chiqishi tekshiriladi. Fizik usullardan yana biri yadro reaktsiyasiga asoslangan. Bunda yadroda bo’ladigan o’zgarishlar natijasida bir atom yadrosining ikkinchi atom yadrosiga aylanishi tufayli ajralib chiqadigan energiyadan foydalaniladi. Kimyoviy usullardan biri — elementning bir necha kimyoviy birikmalari molekulyar massasini va bu birikmalarning kimyoviy tarkibini aniqlashga asoslangan. Atom massasini taqriban aniqlash usullari ham bor. Masalan, ulardan biri Dyulong va Pti qoidasiga asoslangan; bu qoidaga ko’ra, element Atom massasining o’sha elementning solishtirma issiqlik sig’imi (S) ga ko’paytmasi o’zgarmas miqdor bo’lib, u taxminan 6,3 ga teng: AS~6,3.