AUD
AUD (yoki Audh) — shimoliy Hindistondagi tarixiy viloyat. Gang daryosining o’rta oqimida joylashgan. Miloddan avvalgi 6-asrda Aud hududida quldorlik davlati Koshala bo’lib, butun viloyat uning poytaxti Ayodhe nomi bilan atalgan. Qadimda va o’rta asrlarda Aud Ganga vodiysida tashkil topgan yirik davlatlarning muhim tarkibiy qismi bo’lgan. 18-asrning 20-yillarida boburiylarning Auddagi noibi Saodatxon Audni Boburiylar saltanatidan mustaqil deb e’lon qildi. 18-19-asrlarning boshlarida Aud Hindistonning yirik hokimliklaridan biri bo’lib, poytaxti Lakhnau edi. Aud Angliyaning Ost-Indiya kompaniyasi ekspansiyasiga qarshi faol kurash olib bordi, ammo 1764 yil Buksara yaqinidagi jangda yengilgach, mazkur kompaniyaga qaram bo’lib qoldi. Ingliz anneksiyasidan keyin Aud hududi shimoliy-G’arbiy viloyatlar tarkibiga kiritildi. 1902 yil bu viloyatlar Agra va Aud Birlashgan viloyatlari (1950 yildan Uttar-Pradesh shtati) deb ataldi.