AVTOBACHI

AVTOBACHI — Karmana-Navoiy va Buxoro vohalari oralig’idagi plato. Zarafshon daryosining shimolida joylashgan. Avtobachi Zarafshonning qadimgi allyuviy yotqiziqlaridan tashkil topgan. Allyuvial yotqiziqlarni Zarafshon daryosi kesib o’tib, shimolda Avtobachi va Janubda Qiziltepa platolarini hosil qiladi. Avtobachi yon-atrof tekisliklaridan 4-5 metr ko’tarilgan. Echkili Dashti deb atalgan g’arbiy qismi bora-bora Qizilqumga tutashib ketgan. Avtobachining usti yassi tekislik, unda yotiq yon bag’irli va yassi tubli pastqamliklar mavjud bo’lib, bir vaqtlar suv oqqan o’zanlarning izlari saqlangan. Tubi taqirli botiqlar ham bor. Avtobachi neogen davrining qum-tosh, gil, mergel jinslari, Zarafshon daryosining qadimgi silliqlangan shag’al toshlaridan iborat qisqa antiklinal ustida tarkib topgan. Shagal toshlar 20 metr chuqurlikkacha, ya’ni konglomeratlargacha tsementlashgan, qatlamlar orasida qumtoshning yupqa qatlamchalari uchraydi. Shag’al toshlarning yuqori qismi (2 metr chuqurlikkacha) gipslashgan. Ular ustida sergips qumoq va qumloqlar mavjud. Grunt suvlari konglomeratlarda 10 — 25 metr chuqurlikda sho’rlangan (1 l suvda 10— 12 gramm tuz bor), Daryo vodiysiga yaqinlashgan sari Suvining sho’rligi kamayadi. Avtobachida sho’rtob bo’z-qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan, tarkibida gips miqdori ko’p (20-30% va undan ziyod). Biyurg’un, boyalich, shuvoq va boshqa cho’l o’simliklari o’sadi. Yaylov chorvachiligida foydalaniladi.