AVTOMATIK NUSXALASH

AVTOMATIK NUSXALASH — avtomatik qurilma yordamida namuna, model, andaza yoki chizmadan nusxa ko’chirib buyum yasash. Avtomatik nusxalash murakkab shaklli buyumlarni, masalan, eshkak vintlarini, kema va samolyotlarning shakldor qismlarini, shtamp va boshqalarni yasashda qo’llaniladi. Avtomatik nusxalash maxsus nusxalash stanoklari, frezerlash-nusxalash stanoklari va avtomatik agregatlarda bajariladi. Namuna, model yoki andazaning nusxasi ishlanayotgan buyumga mexanik gidravlik, pnevmatik yoki elektrik kuzatish tizimi yordamida ko’chiriladi. Bu tizim namuna, model yoki andaza konturi (qiyofasi) bo’ylab yuradigan qabul qiluvchi qurilma (datchik) dan, shu datchikning vaziyatlarini uzatuvchi kuchaytirgichdan va buyumga datchik ko’chirayotgan nusxa shaklida ishlov beradigan mexanizmni boshqaruvchi servomotordan iborat. Chizma nusxasi ishlanayotgan buyumga fotoelektrik datchik yordamida ko’chiriladi.