AVTOMOBIL TRANSPORTI

AVTOMOBIL TRANSPORTI -yuk va yo’lovchilarni relssiz yo’llarda tashishga mo’ljallangan transport turi. Xalq xo’jaligining barcha tarmoqlarida keng foydalaniladi. Bajaradigan ishiga qarab umumiy foydalanilmaydigan (ayrim korxonalar, tashkilotlar uchun xizmat qiladigan) Avtomobil transporti hamda qaysi tashkilotga mansubligidan qat’i nazar yo’lovchi va yuk tashuvchi umumiy foydalanishdagi Avtomobil transportiga bo’linadi. Shuningdek shaxsiy foydalanishdagi yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar ham mavjud. Avtomobillarning har qanday yo’llarda yura olishi, yo’lni tez o’zgartira olishi, yuk ortish va tushirish joylariga bevosita bora olishi, yuk hamda yo’lovchilarni bir transport turidan ikkinchisiga o’tkazmay tashishga imkon beradi. Natijada yo’lovchi va yuk tashish tezlashadi. Avtomobil transporti sanoat va qishloq xo’jaligi, markazlashgan tartibda xalqaro, shaharlararo va mahalliy yo’llarda tashishda qo’llaniladi. Avtomobil transporti aviatsiya, dengiz va daryo transporti, shuningdek temir yo’l transporti bilan uzviy bog’langan. Avtomobil transporti uncha uzoq bo’lmagan masofalar uchun foydalanishda eng qulay transport turi hisoblanadi. Shu bilan birga boshqa transport turlarida tashish noqulay bo’lgan yuklar, xususan, tez buziladigan mahsulotlarni uzoq, masofalarga tez va qulay yetkazib berishda ham ko’p foydalaniladi. Avtomobil transporti 19-asr oxirida paydo bo’ldi, 20-asrning 20-yillaridan qisqa masofalarga yuk va yo’lovchi tashishda temir yo’l va daryo transporti bilan raqobat qila boshladi. Avtomobil sanoatining rivojiga qarab, tez sur’atlarda taraqqiy etdi. Mamlakatlar avtomobil parkining asosiy qismi yirik ixtisoslashtirilgan yuk va yo’lovchi tashish korxonalari va birlashmalari tarkibiga kiradi. Bu esa mehnat unumdorligini yuqori sur’atlarda o’stirish va Avtomobil transporti vositalaridan samarali foydalanishni ta’minlaydi. Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda tashilgan yuklarning umumiy hajmida Avtomobil transporti hissasi katta salmoqqa ega. Buyuk Britaniya, Frantsiya, GFR, Yaponiya, Kanada, Rossiyada Avtomobil transporti taraqiy etgan. AQShda yuk avtomobil parki turli sanoat va savdo kompaniyalari, korxonalar va ayrim shaxlarga tegishli bo’lib, jami avtotransport vositalarining 10% umumiy foydalanishdagi yuk tashish kompaniyalariga to’g’ri keladi. O’zbekistonda Avtomobil transporti 20-asr boshlarida paydo bo’ldi, unga qadar ot-ulov asosiy transport vositasi bo’lgan. Dastlabki avtobus qatnovi 1906 yilda Farg’ona — Marg’ilon marshrutida yo’lga qo’yilgan. Toshkentda birinchi avtobus 1909 yil dekabrda qatnay boshladi, 1910 yil chet ellarda ishlab chiqarilgan 8 ta kichik va 1 ta 40 o’rinli avtobus ishladi. 1921 yilda Avtomobil transporti ixtiyorida 40 yengil va 15 yuk avtomobili hamda Toshkent avtomobil ta’mirlash ustaxonasi bo’lgan. 30-yillarda Avtomobil transporti rivojlanishi bilan qattiq qoplamali yo’llar qurilishi boshlandi, ta’mirlash va texnik xizmat ko’rsatish korxonalari, kadrlar tayyorlaydigan o’quv yurtlari ochildi. 1939 yil 25 iyulda O’zbekiston avtomobil transporti xalq komissarligi tashkil etildi. 50-yillarda avtotransportda yuk va yo’lovchilar tashish o’sdi. 60-80-yillarda respublikada avtotransport vositalarining tur tarkibi ko’paydi. 1991 yilga qadar O’zbekiston xalq xo’jaligida asosan Rossiya («Zil», «Moskvich» — Moskva shahri; «Gaz» yuk va «Volga» yengil avtomobillari — Nijniy Novgorod shahri; «Kamaz» — Naberejniye Chelni shahri; «Jiguli» — Tolyatti shahri; «UAZ» — Ulyanovsk shahri; «Ural» — Chelyabinsk viloyati Miass shahri; «PAZ» — Pavlovo shahri), Ukraina («LAZ» — Lvov shahri; «KRAZ» — Kremenchuk shahri; «ZAZ» — Zaporoje shahri), Belorussiya («Maz» — Minsk shahri; «BelAZ» — Jodino shahri), Gruziya («Kaz» — Kutaisi shahri) respublikalarida ishlab chiqarilgan yuk va yengil avtomobillari, avtobuslari ishlatildi. O’zbekiston Respublikasining yuk mashinalari saroylarida vazifasiga ko’ra ixtisoslashtirilgan (o’t o’chirish, un, paxta, don, qurilish materiallarini tashish, sanitariya va boshqalar) avtomobillar bor. Respublikada xalq xo’jaligining sanoat, qishloq xo’jalik, qurilish, suv xo’jaligi, aloqa, savdo, sog’liqni saqlash, kommunal xo’jaligi, madaniyat, mudofaa va boshqa tarmoqlarida ixtisoslashtirilgan yirik avtotransport korxonalari mavjud. Ular vazifasiga ko’ra umumiy foydalanilmaydigan ichki ishlab chiqarish Avtomobil transportiga kiradi. O’zbekiston Respublikasida yo’lovchilar tashishga mo’ljallangan 14,7 ming avtobus, 5 mingdan ko’proq yengil taksi mashinalari ishladi. Respublika bo’yicha 2892 avtobus marshrutlarida (jumladan 593 shahar, 1768 shahar atrofi, 532 shaharlararo, 142 xalqaro) avtobuslar qatnadi. Avtobuslar bilan har kuni 5 millionga yaqin yo’lovchi tashiladi, 27 avtovokzal, 120 avtostantsiya xizmat ko’rsatadi. Faqat shaharlardagi avtobus marshrutlarida turli markadagi 3 mingga yaqin avtobus qatnaydi (1999). 1996 yilda O’zbekiston Respublikasida jami transport turlari yuk oborotining 28,9% Avtomobil transporti hissasiga to’g’ri keldi, yuk oboroti 8135,3 million tonna kilometr, tashilgan yuk 733,2 million tonna, 1 tonna yuk tashishning o’rtacha masofasi 10,1 kilometr bo’ldi; avtobuslarda 22779 million yo’lovchi, yengil taksilarda 62,7 million yo’lovchi tashildi. O’zbekiston xalq xo’jaligi tasarrufida turli maqsadlardagi va markadagi 199,7 ming yuk avtomobillari (uning 55 mingdan ortiqrog’i o’zi ag’daruvchi), 35,4 ming avtobuslar, 45,9 ming yengil avtomashinalar xizmat ko’rsatadi (1995). 90 yillar boshidan aholiga yengil avtomobillardan tashqari yuk avtomobillari hamda avtobuslarni sotib olishga ruxsat berilishi natijasida shaxsiy avtotransport soni va tur tarkibida ham jiddiy o’sish kuzatildi. Respublikada fuqarolarning mulki bo’lgan va mamlakatda hamda chet ellarda ishlab chiqarilgan 788,2 ming yengil, 16,9 ming yuk avtomobillari, 2,6 ming avtobuslar, 419,1 ming mototransport (mototsikl, motoroller va boshqalar) vositalari bor (1995). 1996 yilda O’zbekistonning har 1000 aholisiga 43 ta yengil avtomobil to’g’ri keldi (ulardan 39 tasi shaxsiy foydalanishda). Umumiy foydalaniladigan yuk va yo’lovchilar tashuvchi Avtomobil transportining yirik korxonalari «O’zavtotrano davlat-aktsiyadorlik korlorasiyasi (1993) tarkibiga kiradi (respublika yuk avtoparkining 14%, avtobus parkining 46,8%; 1999). Tarmoq korxonalari uchun texnik xodimlar 12 mutaxassislik bo’yicha Toshkent avtomobil va yo’llar instituti (1972) da, Qo’qon (1945), Nukus (1965), Buxoro (1969), Urganch (1981), Toshkent (1986) avtomobil va yo’llar texnikumlarida tayyorlanadi. Avtomobil transportining nazariy-amaliy masalalari, ilg’or texnologiya va fan yutuqlari targ’iboti «O’zbekiston avtotransporti» jurnali (1993; rus tilida), «O’zbekiston avtomobilchisi» (1990; o’zbek va rus tillarida) gazetalarida yoritiladi. Baxtiyor Avazov.