AVTOPILOT
AVTOPILOT (Avto … va Fransuzcha Pilote — uchuvchi) — uchish apparatlari (samolyot, vertolyot, snaryad va boshqalar) ni avtomatik tarzda (uchuvchi ishtirokisiz) boshqarish mexanizmi. Avtopilot sxemasini K. E. Tsiolkovskiy tuzgan (1898). Parijda 1914 yil o’tkazilgan xalqaro ko’rgazmada Avtopilot boshqargan samolyot birinchi marta namoyish qilingan. Dastlab, Avtopilot samolyot rullarini uchuvchi ishtirokisiz boshqarish uchungina xizmat qildi. Keyinchalik Avtopilot takomillashtirilib samolyotning belgilangan uchish rejimini birdek tutib turadigan yoki uchish rejimini yo’nalish, og’ish va balandlikka qarab o’zgartiradigan puxta tizim yaratildi. Avtopilotning yanada takomillashtirilishi natijasida samolyot rullarini va dvigatellarini boshqarishni avtomatlashtiruvchi tizim barpo qilindi. Bunday Avtopilotlar samolyotni ekipajsiz uchirish va uni radio orqali boshqarishga imkon beradi. Avtopilot raketalar va samolyot-snaryadlarga, yerning sun’iy yo’ldoshlari va boshqalarga ham o’rnatiladi.