AXALTAKA OT ZOTI

AXALTAKA OT ZOTI — salt miniladigan qadimgi ot zotlaridan biri. Xalq selektsiyasida Janubiy Turkmanistondagi Axaltaka voxasida yashagan turkmanlarning taka qabilasi yetishtirgan. Axaltaka ot zoti quruq issiq iqlimga moslashgani, nihoyatda chopqirligi bilan ajralib turadi (poygada 1000 metr masofani 1 minut 05 sekundda bosib o’tadi). Axaltaka ot zotining to’shi tor, sag’risi ixcham va cho’zinchoq, oyoqlari nozik, chiroyli, terisi yupqa va taqir. Tusi aksariyat hollarda to’riq, ko’k va saman tusda bo’ladi. Sof zot otlar ichida o’zining ko’rkamligi va harakatchanligi bilan ajralib turadi. Ayg’irlarining qarchig’ayigacha balandligi 157 santimetr (ayrim hollarda 160— 165 santimetr), ko’krak qafasi aylanasi 167 santimetr, to’pig’i aylanasi 19 santimetr. Asosan Turkmaniston va Qozog’istonda, Rossiya, GFR, AQShda boqiladi. Axaltaka ot zoti ishtirokida ko’pgina chopqir ot zotlari chiqarilgan.