AXLOQ

AXLOQ — kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga bo’lgan munosabatlarida namoyon bo’ladigan hatti-harakatlari, xulq-atvorlari, odoblari majmui. Huquqdan farqli ravishda Axloq talablarini bajarish bajarmaslik ma’naviy ta’sir ko’rsatish shakllari (jamoatchilik tomonidan baho berish, qilingan ishni ma’qullash yoki qoralash) bilan belgilanadi. Axloqni etika fani o’rganadi. Insoniyat taraqqiyotida Axloq muhim o’rin tutadi. Sharqning buyuk mutafakkirlari insonni Axloqiy kamol toptirish, uni har tomonlama rivojlantirish, ma’naviy qiyofasini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri, deb qarashgan. Inson Axloqiy, umuman ma’naviy va ma’rifiy jihatdan kamol topishi jarayonida turli tarixiy bosqichlardan — johillik, nodonlikdan ilmga, yovuzlikdan ezgulikka, vahshiylikdan insoniylikka o’tarkan, jamiyat ham shu tariqa rivojlanadi. Ikki muqobil ibtido — yovuzlik va ezgulik, jaholat va kamolatning o’zaro kurashi inson va jamiyat taraqqiyotini belgilagan, inson aql-zakovat sohibi sifatida o’zini anglashiga olib kelgan. Bu ikki muqobil kuch kurashi jamiyatdagi mavjud ijtimoiy munosabatlarda ifodalansa, insonga nisbatan uning ichki olamiga xos nafs bilan qalb, aql bilan aqlsizlik o’rtasidagi kurashda ifodalanadi. Axloq muayyan jamiyat va davrda o’zgarishlarga uchrashi, rivojlanishi, so’nishi mumkin. Har bir xalqning yoki millatning o’ziga xos Axloqi bilan bir qatorda, umumbashariy Axloq me’yorlari ham bor. Bunday Axloq me’yorlari jamiyatning umumiy taraqqiyotiga samarali ta’sir ko’rsatadi. Axloqning shakllanishida va uning ijtimoiy o’rnida dinning ahamiyati katta. Dinning asosiy maqsadlaridan biri, insonga yomonlikning zararlarini bayon qilish hamda yomon yo’lga kirib ketganlarni to’g’ri yo’lga da’vat etishdir. Dinlarda to’g’ri yo’lga chorlash, umuman yaxshilik va yomonlik tushunchasi turlicha bo’lishi, hatto bir-biriga zid kelishi mumkin. Zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda yaxshilik va ezgulik xudosi Ahuramazda bilan yomonlik va yovuzlik xudosi Anxramaynu o’rtasidagi kurash abadiy davom etadi, Axloq bu kurashning ifodasidir, degan g’oya ilgari suriladi. Xristianlik, yahudiylik va boshqa dinlarda ham yaxshilik va yomonlikning o’z ifodasi bor. Islomda, uning muqaddas kitobi Qur’oni Karimda Axloq masalasiga alohida e’tibor berilgan. Qur’oni Karim bajarishga buyurgan yaxshi xulqlarga insonlar amal qilishsa, o’zlari uchun katta baxtga sazovor bo’ladilar. Qur’oni Karimda to’g’ri yo’lga yurishlik istiqomat (o’zini o’zi isloh qilish) tushunchasida ifodalangan. Qur’onda istiqomatda bo’lganlarga, ya’ni o’z-o’zini isloh qilganlarga katta va’dalar berilgan: «Kim bunday jabru zulmidan keyin tavba qilib, o’zini tuzatsa, albatta, Alloh uning tavbasini qabul qilar» («Moida» surasi, 39-oyat). Istiqomat gunoh ishlarni qilib qo’yganlar uchun qalbini poklash sari umid tug’diradi va ularni noumidlikdan qutqarib yangi saodatli hayotga chorlaydi Islomda olijanob Axloqning eng muhim tushunchalari ta’riflanib, insoniyatni ularga amal qilish sari undaladi. Bular — ehson (yaxshilik qilish), kechirimli bo’lish, sabr-qanoat, rostgo’ylik, shirinso’zlik, ota-onani, o’zidan katta yoshlilarni hurmat qilish, or-nomus, sadoqat va boshqalardir. Ayni vaqtda yomon xulq-atvor tushunchalarining mohiyati ham ko’rsatilib, ulardan saqlanishga undaladi. Bular — baxillik, hasad, tama, yolg’onchilik, takabburlik (kibru havo), g’iybat, zino va shu kabilardir. Shu tarzda insoniyatning butun amaliy faoliyati yaxshilik va yomonlikka ajratiladi. Musulmonlar bir-birlarini yaxshilik va olijanob Axloqqa chaqirishlari, nojo’ya ishlardan qaytarishlari Alloh tarafidan farz qilingan. Islom Axloqining asosida halollik va taqvo yotadi. Kimki jismoniy va ma’naviy pok, taqvodor bo’lsa, unday kimsa Axloqsizlik yo’liga kirmaydi. Islomga amal qiladigan xalqlar Axloqi, ba’zi bir jihatlari bilan farqlansada, shu din tufayli umumiylik bor. Bu umumiylik Sharq Axloqi degan nom bilan birlashgan. Sharq Axloqi Qur’on va Hadisdan tashqari juda ko’plab mutafakkirlar, faylasuf, shoirlar asarlarida ta’rifu-tashviq etilgan. «Qobusnoma», «Axloqi Jaloliy» kabi maxsus kitoblar yozilgan. O’zbekistonda sho’rolar istibdodi davrida Axloqqa bir tomonlama, ya’ni sinfiylik va partiyaviylik nuqtai nazaridan yondoshildi. Mamlakatda istiqomat qiluvchi hamma xalqlar uchun bir xil Axloq qoidalari yaratishga harakat qilindi. Shu maqsadda hamma respublikalar uchun bir xil bo’lgan «Etika» darsligi va qo’llanmalari yaratildi. Bu bilan Ittifoqda yashovchi turli xalqlarning o’ziga xos xulq odob qoidalari, rasmrusmi, urf-odati inkor qilindi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng Axloq muammolariga katta e’tibor berila boshladi. Kishilararo munosabatda, o’zaro muomalada unutilib ketgan Islomiy qadriyatlar, sharqona xulq-odob qoidalari, urf-odatlar, marosimlar qaytadan rasm bo’la boshladi. Mamlakatimiz xususiy mulkchilikka, bozor iqtisodiga asoslangan jamiyat barpo qilmoqda. Bunday tuzumda aholining turli tabaqa va qatlamlari paydo bo’lishi tabiiy. Ular o’rtasida qandaydir ziddiyatlar, kelishmovchiliklar bo’lishi mumkin. Ular Sharq xalqlariga xos bo’lgan xulq-odob qoidalari va Islomiy qadriyatlar yordamida ma’lum darajada bartaraf qilinib, umuminsoniy mazmun bilan boyib boradi. Axloq va ma’naviyat bir-biri bilan uzviy bog’liq. Barkamol ma’naviyat barkamol Axloqni shakllantiradi.