AYIRBOSHLASH

AYIRBOSHLASH (iqtisodiyotda) — kishilarning mehnat faoliyati yoki mahsulotlarini o’zaro almashtirishlari. Ayirboshlash iqtisodiy faoliyatning bir turi, ishlab chiqarish bilan iste’molni bir-biriga bog’lab turuvchi vosita hisoblanadi. Ayirboshlash o’ziga xos maxsus faoliyat turi bo’lib, amaliyotda savdo-sotiqdan iboratdir. Bu faoliyat bilan maxsus kishilar guruhlari shug’ullanadilar. Ayirboshlashning iqtisodiy asosini ijtimoiy mehnat taqsimoti tashkil etadi, xarakteri va shaklini ishlab chiqarish belgilaydi. O’z navbatida Ayirboshlash ham ishlab chiqarishning rivojlanishiga ta’sir ko’rsatadi. Ayirboshlash kishilik jamiyati tarixida ijtimoiy mehnat taqsimoti, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanadigan qabilalarning bir-biridan ajralishi tufayli kelib chiqdi. Ishlab chiqaruvchi kuchlar o’sib, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullanadigan qabilalarda tayyorlangan mahsulotlar ularning o’z ehtiyojlaridan ortib qoladigan bo’ldi, bu qabilalarda o’zlari ishlab chiqara olmaydigan buyumlarga ehtiyoj o’sa boshladi. Shu davrda dehqonchilik va chorvachilik mahsulotini Ayirboshlash vujudga keldi. Bu Ayirboshlash tasodifiy xarakterga ega edi. Mehnat taqsimoti chuqurlashib, hunarmandchilik qishloq xo’jaligidan ajralib chiqqach, qishloq xo’jaligi va hunarmandchilik ixtisoslashgan bir necha tarmoqqa ajralib ketdi. Natijada ishlab chiqaruvchilar ma’lum turdagi mahsulot tayyorlashga o’tdilar va ularni boshqa mahsulotlarga almashtirish bilan o’z ehtiyojlarini qondira boshladilar. Keyinchalik ular Ayirboshlash uchun mahsulot tayyorlab, tovar ishlab chiqaruvchilarga aylandilar. Ayirboshlash ilgari tasodifan, o’qtin-o’qtin bo’lsa, keyinchalik, u muhim ishga, muntazam faoliyatga aylandi. Tovar ishlab chiqarishning o’sishi va Ayirboshlashning kengayishining paydo bo’lishiga olib keldi. Bir tovar ikkinchisi bilan pul yordamida bilvosita ayirboshlandi. Har xil tovarlarni miqdor jihatdan almashtirishda ularning tabiiy xususiyatlari (shakli, rangi, og’irligi, hajmi) emas, balki ayirboshlash qiymati asos bo’ladi. Ayirboshlash ma’lum nisbat va mutanosiblikda yuz beradi, ya’ni bir tovar boshqasiga ma’lum miqdoriy nisbatda ayirboshlanadi. Tarixan Ayirboshlashning ikki turi mavjud: a) barter yoki natural Ayirboshlash. Bunda bir tovar boshqasiga to’g’ridan to’g’ri, lekin ma’lum miqdoriy nisbatda ayirboshlanadi. Masalan, bir qop bug’doy — 2 kilogramm metall; b) tovar ayirboshlash yoki savdo-sotiq. Bunda bir tovar boshqasiga pul vositasida almashiladi. Tovar pulga almashganda sotish yuz bersa, shu pulga boshqa tovar xarid etilganda sotib olish yuz beradi. Har ikki amalning yaxlitligidan oldi-sotdi paydo bo’ladi. Barter an’anaviy iqtisodiy tizimga xos, lekin xo’jalik aloqalari izdan chiqqan, pul qadrsizlanib, o’z obro’sini yo’qotgan kezlarda qaytadan paydo bo’ladi. Tovar Ayirboshlash bozor iqtisodiyotiga xos, u Ayirboshlashning ilg’or hammabop usuli bo’lib, nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham amal qiladi. Ahmadjon O’lmasov.