AZIMOV

AZIMOV Abduvahob (1897.7.9— Andijon — 1964.1.2) — aktyor va rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1939). Hamza bilan birga Andijon teatrini tashkil qilishda qatnashgan. Truppaning tashkiliy davrida Hamzaning «Boy ila xizmatchi», «Farg’ona fojiasi» spektakllarida rejissyorlik va aktyorlik qilgan. Andijon teatrida aktyor, rejissyor (1919-34, 1939, 1946-58), Hamza teatrida aktyor (1934-35), Olmaota uyg’ur musiqali drama teatrida (1936-38), Andijon musiqali drama teatrida (1942-46) badiiy rahbar. Azimov yaratgan Solihboy (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Tabib (F. Zafariy, «Halima»), Majididdin (Uyg’un, I. Sulton, «Alisher Navoiy») va boshqa obrazlari alohida ajralib turadi. Azimov hajviy xarakterli rollarni zo’r mahorat bilan o’ynagan. Mubolag’a, mimika va sahna nutqi vositalaridan ustalik bilan foydalangan. Rejissyor sifatida «Tohir va Zuhra» (Sobir Abdulla, 1941), «Nurxon» (K. Yashin, 1942) kabi asarlarni sahnalashtirgan. Azimovning Namangan va O’sh teatrlarini, Andijon Uyg’ur teatrini tashkil etishda ham hissasi bor. U Toshkentdagi Muqimiy nomli musiqali drama va komediya teatrining tashkilotchilaridan biri bo’lgan.

AZIMOV (Asimov) Ayzek (1920- 1992) — amerikalik fantast yozuvchi, fan targ’ibotchisi. Belorussiyaning Petrovichi qishlog’ida tug’ilgan. 1923 yilda ota-onasi bilan Nyu-York shahriga ko’chib ketgan. O’sha yerda Kolumbiya universitetini tugatgan. Mutaxassisligi bioximik. Ilmiy tadqiqotlari uchun falsafa Doktori unvonini olgan. Birinchi qissasi 1939 yil e’lon qilingan. Shundan so’ng «Poydevor va imperiya» (1952), «Men robotman», «Mangulik intihosi» (1955), «Neytrino», «Darbadar» (1966), «Koinot oqimlari» (1972), «Poydevor qirralari» (1982), «Poydevor va yer» (1986) asarlarini e’lon qildi. Azimov fantastikaga intellektual Nasr unsurlarini kiritdi va uni badiiy nasrga yaqinlashtirdi. Bundan tashqari asarlaridan ijtimoiy muammolar ham o’rin olgan. Azimov ilmiy fantastika asoschilaridan biri. Azimov ning bir qancha hikoyalari va «Koinot oqimlari» romani o’zbek tiliga tarjima qilingan.

AZIMOV Akbar (1885 — Toshkent — 1969) — yog’och o’ymakori, naqqosh. Otasi Saidazim Islomovdan hunar o’rgangan. U o’ymakorlikdagi an’analarni davom ettirib, muqarnas va sharafalarni turli shakldagi taxtachalardan yig’ib, ularga naqsh berishda o’ziga xos usuli bilan tanilgan. Azimov O’zbekistonda o’tkazilgan ko’rgazmalarda o’z asarlari bilan qatnashgan. Ishlaridan namunalar O’zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanmoqda.

AZIMOV Asad Vahobovich (1927.6.10, Andijon — 1995.23.11, Toshkent) — opera xonandasi (lirik tenor). O’zbekiston xalq artisti (1978). Abduvahob Azimovnit o’g’li. Moskva konservatoriyasini tugatgan (1953). Muqimiy teatri (1941-43), Uyg’ur musiqali drama teatri (1943-46), Andijon teatri (1946-47) da artist. Navoiy teatri solisti (1953-85). 1966-70 yillar Toshkent konservatoriyasi, 1960-66 va yana 1970 yildan Toshkent san’at instituti vokal kafedrasida o’qituvchi, kafedra mudiri (1975-86). O’zbek, rus va G’arbiy Yevropa kompozitorlarining operalarida 50 ga yaqin asosiy partiyalarni (ba’zilarini O’zbekistonda ilk marotaba) ijro etgan: Tohir (T. Jalilov, B. Brovsin, «Tohir va Zuhra»), Furqat (M. Ashrafiy, «Shoir qalbi»), Yo’lchi (R. Hamroyev, «Zulmatdan ziyo»), Nodir (J. Vize, «Marvarid qidiruvchilar») va boshqalar. Ovozi nozik, lirik talqin ustasi. Kontsert repertuarida o’zbek, tojik, rus va boshqa xalqlar qo’shiqlari bor.

AZIMOV Jaloliddin Azimovich (1938.10.3, Andijon) — zoolog, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (2000), biolologiya fanlari Doktori (1986), professor (1988). Samarqand qishloq xo’jaligi institutini bitirgan (1958). O’zbekiston veterinariya ilmiy tadqiqot institutida (1964-69), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutida (1969-78) katta ilmiy xodim, Respublika parrandachilik ilmiy ishlab chiqarish laboratoriyasi direktorining o’rinbosari (1978-89), ToshDU biologiya va tuproqshunoslik fakulteti professori (1989-91), 1991 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti direktori. Azimovning ilmiy ishlari O’zbekiston biogeosenozlaridagi parazit organizmlar faunasi tarkibi, shakllanishi va biologik turlitumanlik evolyutsiyasiga bag’ishlangan. U parazit — xo’jayin tizimi evolyusiyasi omillari, turli umurtqalilar endoparazitlarining rivojlanishi va faunistik komplekslarning paydo bo’lish qonuniyatlarini aniqlagan.

AZIMOV Oqil Odilovich (1946.21.5, Toshkent) — patent-axborot sohasidagi olim, ixtirochi. O’zbekiston Respublikasi fan arbobi (1998). Toshkent politexnika institutini (1968), standartlash va metrologiya institutini (Moskva) (1978), Butun jahon intellektual mulk tashkiloti akademiyasini (Jeneva) (1997) tugatgan. O’rta Osiyo irrigasiya ilmiy tadqiqot institutida ishlagan (1970-92), O’zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktori (1992 y.dan). Azimovning ilmiy ishlari patent-axborot tahlili va ilmiy-texnikaviy ijodkorlik sohalariga doir. Azimov rahbarligida intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va undan foydalanishning davlat tizimini tuzish hamda rivojlantirish bo’yicha ishlar olib boriladi. Uning ixtirolari bir qator sanoat va suv xo’jaligi ob’yektlariga tadbiq etilgan.

AZIMOV Saidmalik Akbarovich (1946.10.7, Toshkent) — O’zbekiston Respublikasi xalq o’qituvchisi (1998). Toshkent davlat pedagogika institutining Defektologiya fakultetini tugatgan (1980). Mehnat faoliyatini 1965 yildan boshlagan. 1972 yildan Yunusobod tumanidagi 104-maxsus maktab-internatning mehnat ta’limi o’qituvchisi. Azimov darslarni tashkil etishda turli uslublarni qo’llaydi. Defektologiya bo’yicha ilmiy va amaliy konferentsiyalar qatnashchisi. Respublika mehnat ta’limi ustaxonalari ko’rigida 1-o’rinni egallagan (1991). Respublika ta’lim markazi huzuridagi Defektologiya ilmiy metodika kengashi a’zosi. Bir qancha o’quv-metodik adabiyot va dasturlar muallifi.

AZIMOV Sarvar Olimjonovich (1923.20.5, Jizzax — 1994.3.11, Toshkent) — yozuvchi, jamoat arbobi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1973). O’zbekiston xalq yozuvchisi (1983). Filol. fanlari Doktori (1968). O’rta Osiyo davlat universitetini tugatgan (1946). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, sektor mudiri, direktor o’rinbosari (1948 — 55). O’zKP MK fan va madaniyat bo’limi mudiri (1955-56). O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi birinchi kotibi (1957-58, 1980-85), O’zbekiston SSR madaniyat vaziri (1958— 59), O’zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o’rinbosari va O’zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri (1959-69, 1988-91). Sobiq SSSRning Livandagi (1969-74), Pokistondagi (1974-80) favqulodda va Muxtor elchisi. Azimov pyesalar («Qonli sarob», 1964; «Yulduzlar jamoli», 1966; «Zamon dramasi», 1968), qissalar («Kamalak», 1964; «Ikki dil — ikki olam», 1967), hikoyalar, kinossenariylar muallifi. U adabiy jarayon masalalariga bag’ishlangan adabiy-tanqidiy va publitsistik maqolalar yozdi. Hamid Olimjon ijodini tadqiq etdi. As: Saylanma, 2 jildli, T., 1988.

AZIMOV Sodiq Azimovich (1914.7.11 — Toshkent — 1988.21.12) — fizik olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1962), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi (1964), fizika-matematika fanlari Doktori (1955), professor (1958). O’rta Osiyo davlat universitetini tugatgan (1940). O’rta Osiyo politexnika institutida ishlagan (1940-45), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti laboratoriya mudiri (1948-56), direktor o’rinbosari (1956-58), direktori (1958-62; 1966-88), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi instituti direktori (1962-66), «Fizika — Quyosh» IICHB bosh direktori (1986-88). O’zbekiston yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi, yarimo’tkazgichlar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslikka asos solgan va bu sohalarni rivojlantirgan olimlardan biri. Azimov o’zi ishlab chiqqan usul yordamida kosmik nurlar tarkibida mezonlarga daxlsiz elektron va fotonlar mavjudligini isbotladi (1948). Pomir tog’i tepasidagi stansiyada (dengiz sathidan 3900 metr balandlik) Azimov o’z xodimlari bilan birgalikda kosmik nurlar va yadrolarning o’zaro ta’sirini o’rganish borasida olib borgan ilmiy izlanishlar elektronyadro oqimlarini kashf etish imkonini berdi. Azimov elektron-yadro jalalarini va yadro zarrachalari singishni tadqiq etgan. U o’ta yuqori energiyali 1012— 1013 eV) yadro jarayonlari o’rganiladigan tog’ stansiyasi qurilishini tashkil etdi. Azimov rahbarligida O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizikatexnika institutida quyosh nuri energiyasidan foydalanish usuli asosida o’ta sof yarimo’tkazgich materiallar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqildi hamda 1987 yilda Parkent tumanida 1 megavatt quvvatga ega kontsentratori bor noyob quyosh pechi barpo etildi. Azimov yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslik ilmiy maktablariga asos soldi. U 14 fan Doktori va 70 dan ziyod fan nomzodini tarbiyalab, yetishtirdi. Ular hozir ham «Fizikaquyosh» IICHB da, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi insititutida va O’zbekiston milliy univerisitetida xalqaro darajadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni faol davom ettirmoqdalar. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970). «Fizika-Quyosh» IICHB ga va Toshkent shahrining Mirzo Ulug’bek tumanidagi ko’cha va maktabga uning nomi berilgan. Ad.: Bekjonov R. B., O’zbekiston yadro fizikasi tarixi, T., 1994; Xudoyberdiev R., Hakim Sa’dulla, atom qa’riga sayohat, T., 1996.

AZIMOV Sulaymon Egamberdievich (1908.21.10, Qirg’iziston; O’sh viloyati O’zgan tumani — 1996.3.1, Toshkent) — faylasuf olim, jamoat arbobi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1958). Toshkentdagi Almaiy nomli namuna ish maktabi (1928), pedagogika texnikumini tugatgan (1929). Moskva Tarix-falsafa va adabiyot institutining falsafa fakultetida o’qigan (1932— 37). O’rta Osiyo davlat universiteti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida falsafadan dars bergan (1937-38). 1938 yilda «Qizil O’zbekiston» gazeta muharriri. 1939-41 yillarda respublika rahbar lavozimlarida ishlagan. Azimov qatag’onga uchrab, umrining qariyb 15 yiliini (1941— 55) turma va qamoq lagerlarida o’tkazdi. 1955-59 yillarda respublika madaniyat vaziri o’rinbosari. 1959-66-yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi falsafa va huquq instituti sektor mudiri, katta ilmiy xodim. Nazariy-ilmiy, publisistik asarlar muallifi.

AZIMOV Sharif Tursunovich (1954.14.5, Samarqand shahri) — kulol, O’zbekiston BA haqiqiy a’zosi (1997). Bobosi kulol Umarqul Jo’raqulovdan hunar o’rgangan. O’zbekiston Rassomlari uyushmasi badiiy jamg’armasining ishlab chiqarish ustaxonasida kulol (1975-78); 1978 yildan O’zbekiston rassomlar uyushmasi badiiy jamg’armasi qoshidagi «Usta» birlashmasi Samarqand bo’limida kulol-rassom. Azimov kulollik san’ati sirlarini o’rganishda izlanib, bu sohada o’ziga xos ijodiy yo’nalish yaratdi. U yaratgan «Ajdaho» (sopol, 1978), «Timsoh» (sopol) kabi o’ziga xos jozibali ko’za, xum va boshqalar. Idishlar muzeylarda saqlanadi.

AZIMOV Sherali Azimovich (1928— 1993) —gelmintologolim, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1976), veterinariya fanlari Doktori, professor (1972), O’zbekiston (hozirgi Samarqand) qishloq xo’jaligi institutining veterinariya fakultetini tamomlagan. O’zbekiston veterinariya ilmiy tadqiqot instituti gelmintologiya laboratoriya mudiri (1957— 64), institut direktori (1965 — 78). 1979 yildan Samarqand qishloq xo’jaligi institutida professor. Ilmiy ishlari O’zbekistonda uchraydigan asosiy gelmintoz kasalliklarining epizootologiyasi, patogenezi, diagnostikasi va ularga qarshi kurash choralariga bag’ishlagan.

AZIMOV Eldor Sarvarovich (1945.6.2, Toshkent) — dirijyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1989). Toshkent konservatoriyasini dastlab skripka, so’ng opera-simfonik dirijyorligi bo’yicha tugatgan. O’zteleradio huzuridagi torli kvartet (1963-68) va estrada-simfonik orkestrda (1971-74) skripkachi. Aynan shu yerda 1974 yil kamer orkestr tashkilotchisi, badiiy rahbari va bosh dirijyori. Mazkur jamoa O’zbekistonda kamer simfoniya, syuita va boshqa janrlardagi ijodiyotga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. 1976 yildan Toshkent konservatoriyasida o’qituvchi, dotsent. 1996 yildan «O’zbeknavo» qoshidagi «Turkiston kamer orkestri»ning badiiy rahbari va bosh dirijyori, bari va bosh dirijyori.