BADBO’YLAR
BADBO’YLAR, skunslar (Mephitinae) — Susarlar kenja oilasiga mansub sut emizuvchilar. Anal bezlari yirtqich hayvonlarni cho’chitadigan juda badbo’y hidli suyuqlik ishlab chiqaradi. 9-11 turi, 3 urug’i (chipor Badbo’ylar — SpUogale, cho’chqaburun B.— Conepatus, yo’l-yo’l Badbo’ylar — Mephitis) ma’lum. Yo’l-yo’l Badbo’ylar tanasining uzunligi 28-38 santimetr, mo’ynasi qalin, yumshoq, qoramtir-qo’ng’ir rangda. Tanasining orqa tomonida boshidan dumigacha keng yo’li borligi tufayli uzoqdan ko’zga tashlanadi. Xavf tug’ilganda anal bezidan ko’zga ta’sir qiladigan suyuqpik sachratadi. O’rmon, cho’l va dasht mintaqalarida yozda yakka yakka, qishda to’da bo’lib yashaydi. Shim. hududlarida qishki uyquga ketadi. Odatda kechasi faol hayot kechiradi. O’simliklarning mevasi, mayda umurtqali hayvonlar va hasharotlar bilan oziqlanadi. Urg’ochilari uyasida bir yilda bir marta 4-10 ta bola tug’adi. Bolalari bir yildan so’ng voyaga yetadi. Yo’l-yo’l Badbo’ylar qimmatbaho mo’yna beradigan hayvon, maxsus fermalarda ko’paytiriladi. Chipor Badbo’ylar 2 turni o’z ichiga oladi, og’irligi 1 kilogrammdan oshmaydi. Juni juda yumshoq, qora rangda, yirik oq dog’lari bo’ladi. Dumidagi yunglari uzun, tumshug’ida kalta. AQShning Janubiy va Markaziy Amerikada tarqalgan. Cho’chqaburun Badbo’ylar 6-7 turdan iborat. Janubiy Amerikada tarqalgan. Tanasining uzunligi 30-49 santimetr, dumi 16— 41 santimetr, og’irligi 2,3—4,5 kilogramm. Juni oq va qora. Oqburun Badbo’ylar (S. leuconotus) tanasi va boshi qora, orqa qismi, dumi va tumshug’ining uchi oq rangli.