BADIIY SO’Z USTASI

BADIIY SO’Z USTASI — adabiy asar (she’r, nasr, shuningdek publisistika) yoki dramatik parchani teleko’rsatuv va radio orqali, estrada, tsirk va filarmoniya sahnasida ifodali o’qib, ular mazmunini tinglovchilarga badiiy ta’sirli qilib etkazuvchi ijrochi, estrada va filarmoniya artisti. Ommaviy-badiiy tadbirlar ham ular boshchiligida yoki ishtirokida o’tadi. Badiiy so’z ustasi o’zining ifoda uslubi, talaffuzining yorqinligi, ijrochilik mahorati, asosiy fikrni anglatuvchi so’zlarni urg’u bilan talaffuz etishi jihatidan tinglovchi yoki ommani o’ziga jalb etadi. O’zbek san’atida Badiiy so’z ustasi (dostonchi, ertakchi, kissaxon va boshqalar) qadimdan ma’lum. Barcha ommaviy-badiiy tadbirlar, sayillar, tomoshalar, to’y-hashamlar ular ishtirokida o’tgan. O’zbekistonda Badiiy so’z ustasilari ichida M. Hamidov, N. Rahimov, H. Umarov, U. Burhonov, T. Tojiyev, Q. Maqsumov, T. Yunusxo’jayeva, L. Xo’jayeva, M. Xolmetov, O. Asomov, B. Muhammadxo’jayev, H. Sadiev kabi san’atkorlarning ijodi e’tiborga molikdir.