Bahodir, Botir
Bahodir, Botir-1) o’rta asrlarda turk-mo’g’ul xalqlari qo’shinida janglarda ko’rsatgan ulkan jasorati va qahramonligi uchun beriladigan faxriy unvon. Chingiziylar davrida Chingizxon avlodidan bo’lmagan zodagonlar, yirik lashkarboshilarga Bahodir unvoni berilgan. Keyinchalik Bahodir ma’nosining ushbu ijtimoiy xususiyati yo’qoladi va Bahodir mo’g’ul zodagonlarining tarkibiy qismiga aylanadi. Turkiyshunos olimlar fikricha, Bahodir turkiy-mo’g’ulcha botir so’zining forscha shaklidir; 2) Chingizxon hukmronligi zamonida xonning shaxsiy gvardiyasi. Bunday qism 1203 yili keroyitlar ustidan g’alaba qozongandan keyin tashkil etilgan. Bahodirlar 1000 kishidan iborat bo’lgan. Tarixchi Nasaviyning (XIII asr) ma’lumotiga ko’ra, 1221-1222 yillarda ularning umumiy soni 10000 kishiga yetgan. Bahodirlar urush vaqtida ilg’or qism (avangard) bilan birga harakat qilgan. Tinchlik vaqtlarida esa xon qarorgohini qo’riqlagan.