BAQACHANOQ
BAQACHANOQ (Anodonta) — ikki pallalilar sinfiga mansub mollyuskalar urug’i. Plastinka jabralilar turkumi sadafdorlar oilasiga kiradi. Chig’anog’ining uzunligi 20 santimetrgacha. Chig’anog’ida qulfli tishlar bo’lmasligi tufayli tishsiz deyiladi. Baqachanoq Yevropa, Shimoliy Afrika, O’rta Osiyo (jumladan O’zbekiston) va Sibirdagi oqmaydigan yoki sekin oqadigan chuchuk suv havzalarida yashaydi. 50 ga yaqin turi ma’lum. Chig’anog’i ikkita palladan iborat. Terisi tananing ikki yonida mantiya hosil qiladi, chig’anog’i chetida bo’rtib chiqqan naychasimon 2 ta sifoni bor. Suv tana bo’shlig’iga ostki sifondan kirib, ustki sifondan chiqib ketadi. Baqachanoq suv oqimi orqali nafas oladi va oziqlanadi. Ayrim jinsli, germafrodit turlari ham uchraydi. Tuxumlari jabrasiga yopishib rivojlanadi. Tuxumdan chiqqan lichinkasi (gloxidiy) sifon chiqarib, baliqdar terisiga yoki jabrasiga yopishib olib parazitlik qiladi. Lichinka suv ostiga tushib voyaga yetadi. Lichinkasi va yosh Baqachanoqlar baliqlar uchun oziq hisoblanadi. Chig’anog’i va go’shti uy hayvonlariga em sifatida beriladi. Chig’anog’i boshqa sadafdorlarnikiga nisbatan yupqa bo’lganidan sadaf olish uchun foydalanilmaydi.