BAQORILAR

BAQORILAR (Plecoptera) — eng qadimgi hasharotlar turkumi. Perm davridan ma’lum. Qanotlari ikki juft, to’rsimon va shaffof, yoyilganida 10 — 80 millimetr keladi. Boshi yirik, mo’ylovlari uzun. Og’iz organlari kemiruvchi tipda tuzilgan. Ko’pchilik turlarining yetuklik davrida og’iz organlari reduktsiyaga uchraydi. Lichinkasi suvda, yetuk davrida quruqlikda yashaydi. U 1 — 3 yil davomida rivojlanib, voyaga yetadi. Yetuk davrida bir necha kundan bir necha haftagacha yashaydi. Urg’ochisi suv ustida uchib yurib, tuxumini suvga tashlaydi. Tuxumlari suv tubida rivojlanadi. Voyaga yetayotgan lichinkalar suvdan chiqib tullaydi va qanot chiqarib, yetuk hasharotga aylanadi. Ko’pchilik turlarining qanotlik davri bahor fasliga to’g’ri keladi. Yetuk hasharotlar tuxum qo’yib halok bo’ladi. Baqorilar ifloslanmagan oqar suvlarda, ayniqsa tog’ daryolari va soylari tubida (bentosda) ko’p uchraydi. Suvdagi har xil mikroorganizmlar bilan oziqlanadi, ayrim turlari yirtqich. Baqorilarning 2000 ga yaqin, jumladan O’rta Osiyoda 50 dan ortiq turi ma’lum. Ko’pchilik turlari O’rta Osiyo faunasi uchun endemik hisoblanadi. O’zbekistonda 25 ga yaqin turi (6 oilasi) tarqalgan. Baqorilar baliqlarning asosiy ozig’i hisoblanadi.