BARBIZON MAKTABI

BARBIZON MAKTABI – frantsuz realistik manzara janri rivojida muhim o’rin tutgan rassomlar guruhi; 19- asr 30 — 60 — yillarida asosan Fontenblo o’rmoni (Parij) yaqinidagi Barbizon (Barbizon) qishlog’ida ijod qilishgan (nomi shundan). Barbizon maktabi demokratik harakatlar kuchaygan, milliy realistik san’at shakllanishi xamda akademizm va romantizm inqirozi davrida paydo bo’ldi. Barbizon maktabi vakillari manzara janrida tugallangan asar yaratishga harakat qildilar, bunda ular 17 — asr golland, 19 — asr ingliz va 18 — 19-asr boshlaridagi realistik milliy san’at ustalarining merosiga tayandilar. Asarlarida frantsiya tabiatini, undagi holat, nur va havo to’lqinlari ayat go’zallikni ochib berishga harakat qildilar, inson va tabiat uyg’unligidagi ko’tarinki ruhning jozibali ko’rinishini shoirona talqin etishga muyassar bo’ldilar. Rang tasvirning o’ziga xos tusli (tonal) ko’rinishini yaratib, nur va soyadagi o’ziga xos jozibani ochib bera oldilar, nur va soyani ma’lum bir rang tizimiga bo’ysungan holda tuslanishini berishga erishdilar. Barbizon maktabining keksa avlodi (T. Russo, J. Dyupre, N. V. Diaz va boshqalar) manzara janrida qahramonlik ruhini saqlashga intilsa, o’rta avlod vakillari (Sh. F. Dobini va boshqalar) ko’proq borliqni idrok etishga, dastlabki taassurotni berishga, nur-havo muhitini va naturadan olgan taassurotni to’liq ochib berishga harakat qildi. Ayrim Barbizon maktabi vakillari (K. Truayon va boshqalar) manzara janriga hayvonot olamidan ham lavhalar kiritdi. Barbizon maktabi frantsuz realistik san’ati rivojida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Shuningdek Yevropa va boshqa qit’a mamlakatlari san’ati rivojlanishi jarayoniga kuchli ta’sirini o’tkazdi. Barbizon maktabi san’atining ta’sirini o’zbek san’atida ham sezish mumkin. Ko’pgina o’zbek rassomlari, jumladan manzarachilari (R. Temurov, M. Arinin va boshqalar) shu maktab saboqlaridan bahramand bo’ldi. Ne’mat Abdullayev.