BAXMAL
BAXMAL, ola Baxmal, duxoba — mayin, silliq, patli gazlama. Patlari tabiiy yoki sun’iy ipakdan, zamini ip yoki kanopdan to’qiladi. Baxmal to’qishda ikkita o’rish ipi ishlatiladi: biri zamin, ikkinchisi esa pat hosil qiladi. Ikkinchi o’rish iplari birinchisidan 4 — 6 marta uzun bo’ladi, chunki ish jarayonida bu iplar arqoq o’rniga kiritilgan asos atrofida tugma bandlar hosil qiladi, so’ngra bandlar maxsus pichoq bilan kesilganda hurpayib, patlar hosil qiladi. O’zbekiston (Buxoro va Samarqand) da qadimdan ishlab chiqariladi. Boburning ma’lumotiga ko’ra, Samarqand jahondagi ko’pgina mamlakatlarga och qizil Baxmal chiqarib sotgan. Baxmal ishlab chiqarish Buxoroda, ayniqsa, 19-asrda rivojlangan. Baxmal ko’pincha xandasiy va abrli naqshlar bilan bezatilgan. Abrli Baxmalda naqshlar ikkinchi o’rish iplarida hosil qilinadi. Baxmal 20-asrning 20-yillaridan to’quv dastgohlarida ishlab chiqarila boshladi. O’zbekiston (Samarqand shoyi to’qish fabrikasi) da 50-yillardan Baxmalning uzun (6 millimetr) patli g’ijim duxoba (pati bir tekis bo’lmay, gajimlangan kabi tovlanib turadi) va taqir duxoba (pati 1 — 2 millimetr) kabi siyrakroq to’qilgan xillari ishlab chiqariladi. Keyingi yillarda Baxmal gazlamalarning silliq, guldor, siqiq, bosma va boshqa turlari ishlanmoqda. Zamonaviy Baxmallar naqshlari tayyor gazmol ustiga bosilishi (abrbandi usuli qo’llanmasligi) bilan 20-asr boshlarigacha to’qilgan Baxmallardan farq qiladi. Fabrikada to’qilgan Baxmallardan kiyim-kechak, do’ppi, so’zana, gulko’rpa, zardevor, dasturxon, ko’rpa va ko’rpachalar tayyorlanadi, mebellarni qoplashda, intererlarni bezashda ishlatiladi.