BEHI

BEHI (Cudonia oblonga Mill.)— ra’nodoshlar oilasiga mansub mevali daraxt yoki buta. Behining Ozarbayjon, Dog’iston, Turkmaniston, Eronda yovvoyi turlari uchraydi, turk tilida ayva nomi bilan yuritilgan. Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asarida «Avya» shaklida tilga olingan. Behi Kavkaz, O’rta Osiyo, Qrim, Ukrainaning Janub hamda Astraxon viloyatida keng tarqalgan. O’zbekistondagi Behizorlarning 80% Farg’ona vodiysida. Balandligi 5-6 metr, shox-shabbalari piramida shaklida, ba’zan tarvaqaylab o’sadi. Bargi oddiy, yashil, cheti butun. Gullari yakka holda, oq yoki och pushti, aprelda gullaydi. Ko’chati o’tqazilgach, 3-4 yili hosilga kiradi, 30-40 yil yashaydi. Katta yoshdagi daraxtlari o’rtacha 60— 70 kilogramm hosil beradi. Mevasi sentabr—oktabr oylarida uzib olinadi; vazni, naviga qarab 150-500 gramm. Behi mevalari limon rangda yoki to’q sariq, tuk bilan qoplangan; yetilganda tuki to’kilib ketadi, xushbo’y. Yangi uzilgan mevasi kam iste’mol qilinadi. Behi entomofil (hasharotlar bilan changlanadigan) o’simlik. Behi tarkibida 74,7—83,5% suv, 8,5— 15,2% qand, 0,2— 1,5% kislota bor, shuningdek oshlovchi moddalar va tosh hujayralar bo’ladi. Mevasi dag’al bo’lib, uzoq saqlangandan keyin tosh hujayralar yumshab qoladi. Behidan murabbo, kompot, marmelad, sukat, qiyom, jem tayyorlanadi, ovqatga (ko’pincha palovga bosiladi) ishlatiladi. Behi, asosan, payvandlab ko’paytiriladi, ko’chati 6×6 yoki 5×5 metr sxemada o’tqaziladi. Behining ko’pchilik navlari nokka payvandtag bo’la oladi; unga ulangan nok pakana bo’ladi. Behi issiqlik va namlikka talabchan. Sug’oriladigan unumdor tuproqlarda, shuningdek sho’ri kam yerlarda yaxshi o’sadi. O’suv davrida tuproq sharoitiga qarab 3-8 marta sug’oriladi. Asosiy navlari: non Behi, Quva Behi, Shirin Behi, Samarqand yirik Behi, Xorazm olmasimon Behi Non Behi — ertapishar, xo’raki va konservabop, daraxti o’rtacha. Mevasi yirik 300-400 gramm, olma shaklida, sariq. Eti sarg’ish, o’rtacha suvli, sal nordon, xushbo’y. Sentabrning ikkinchi yarmida uziladi, dekabrgacha saqlanadi. 50-70 kilogramm hosil beradi; Quva Behi— o’rtapishar, xo’raki, daraxti katta (5-6 metr), mevasi o’rtacha (150-200 gramm), tilimli, olma shaklida, och sariq. Eti oq, tig’iz, o’rtacha suvli, shirin, xushxo’r. Oktabr boshlarida uziladi, yanvargacha saqlanadi. Tupi 150-200 kilogramm hosil beradi; Shirin Behi — ertapishar, xo’raki, daraxti o’rtacha. Mevasi 150-180 gramm, tilimli, noksimon, eti och sariq, sersuv, shirinnordon, yeyishli. Sentabrning ikkinchi yarmida uziladi, uzoq saqlanmaydi. Zararkunandalari: olma qurti, olma qon biti, nok kanasi, do’lana kapalagi va boshqalar; kasalliklari: qora chirish, zang va boshqalar. Rixsivoy Jo’rayev.