BEHZOD MINIATYURA MAKTABI

BEHZOD MINIATYURA MAKTABI – Sharq miniatyura san’atida Behzod ijodi ta’sirida (15-asr oxiri — 16-asr boshlarida) yuzaga kelgan o’ziga xos yo’nalish. Kamoliddin Behzod asos solgan va uning shogirdlari, izdoshlari (Qosim Ali, Darvesh Muhammad, Muzaffar Ali, Hoji Muhammad, Mir Sayd Ali Termiziy, Mahmud Muzahhib va boshqalar) tomonidan rivojlantirilgan. Behzod minityura maktabi Sharq tasviriy san’atining an’anaviy xususiyatlari (mujassamot yechimi, badiiy uslubdagi shartlilik)ni saqlagan holda uni yangi ijodiy an’analar bilan boyitdi. Behzod minityura maktabi Buxoro, Tabriz va Hindiston miniatyura maktablariga ham samarali ta’sir ko’rsatgan. Hatto 20-asr boshlarida Yevropada yuzaga kelgan impressionistlar ijodida ham Behzod minityura maktabi ta’sirini ko’rish mumkin. O’zbek rassomlaridan Ch. Ahmarov, Usto Mo’min (A. Nikolayev), Sh. Hasanova, J. Umarbekov, T. Muhamedov, T. Sa’dullayev, Sh. Muhammadjonov va boshqalar o’z ijodlarida Behzod minityura maktabi an’analaridan foydalangan.