BEQASAM

BEQASAM, beqasab — yo’l-yo’l gulli pishiq mato; tanda ipi ipak, arqog’i ipdan to’qiladi. Arqoq ipi tanda ipidan yo’g’onroq bo’lgani uchun mato yuzasida ko’ndalang chiziqlar (g’adirbudurlik) hosil bo’ladi. To’qish jarayonida arqoq ipi ho’llanib turiladi. Maxsus ishlov berib kudunglangandan so’ng Beqasamning bir tarafi atlasdek silliq, bir tarafi tovlanib turadi. Oldindan bo’yalgan tanda iplari ishlatilishi natijasida Beqasam guli ikki tomonlama xilmaxil va rang-barang bo’ladi. O’rta Osiyoning yirik ipakchilik markazlarida ishlab chiqarilgan Beqasamlar qalin-yupqaligi, mato enining to-rkengligi, rang xillarining tanlanishi, yo’l-yo’l gullarining tartibi jihatidan bir-biridan farq qilgan. Buxoro—Samarqand Beqasamlarining arqoq ipi yo’g’on, mujassamoti markazi oddiy bir me’yorda takrorlanuvchi aniq keng (pushti, sariq, zangori yoki pushti, binafsha, sariq tusli) yo’llardan, qirg’og’i esa hoshiya yo’llardan iborat. Bundan tashqari, «zanjira» gullar, abr nusxa yoki turli kvadrat, chiziqcha, mayda gullar va boshqa tasvirlar qo’shib bezatilgan. Mahalliy yorqin koloriti ranglarga boy. Beqasam Buxoro—Samarqand vodiysida olacha nomi bilan ham mashhur. Farg’ona vodiysi Beqasamlari yupqa va mayin, chunki arqoq ipi ingichkaroq; guli, asosan, sovuq feruzabinafsha ranglardan iborat, ko’proq bo’rko’k tusli va turli xil yashil ranglarning bir-biriga mayin o’tishi bilan boshqa Beqasamlardan ajralib turadi. Ba’zi an’anaviy gullari («besh kashta», «bayrok» )da yashil rangga yorqin pushti rang aralashtirilgan. Qadimda kuyov to’nlariga ishlatilgan Namangan «oq Beqasam»i, asosan, oq, sariq, yashil tusli qilib to’qilgan. Namangan, Marg’ilon, Qo’qon to’qimachilik fabrikalarida Beqasamning oq, chiviq, olti katak, marmar va boshqa turlari ishlab chiqariladi. Beqasamdan kiyim (to’n, kamzul, ko’ylak va boshqa)lar, ko’rpacha va boshqalar tayyorlanadi. Sayyora Mahkamova.