BESHMO’YLOVDORLAR
BESHMO’YLOVDORLAR, tilchasimonlar (Pentastomida, Lingualida)— parazit umurtqasiz hayvonlar sinfi. Bo’g’imoyoqlilar tipining xeliseralilar kenja tipiga qo’shimcha sinf sifatida kiritiladi. 70 dan ortiq turi ma’lum. Asosan tropik mamlakatlarda tarqalgan. Tana shakli chuvalchangsimon yoki tilchasimon, xitin bilan qoplangan, bo’g’imsiz oldingi kalta va bo’g’imli keyingi uzun bo’limlardan iborat. Tanasining oldingi bo’limida og’zi, ikki juft tikansimon ichaklari (yaqingacha mo’ylovlar deb atalgan) va uzun keyingi bo’limining oxirida chiqarish teshigi bo’ladi. Ichagi naysimon, nafas olish va qon aylanish organlari bo’lmaydi. Ayrim jinsli. Voyaga yetgan davrida turli sudralib yuruvchilar va sut emizuvchilarning o’pkasida va nafas yo’llarida parazitlik qiladi. Keng tarqalgan turlaridan biri— burun Beshmo’ylovdorlar (erkagining uzunligi 2 santimetr, urg’ochisi 8-13 santimetr) voyaga yetgan davrida it, bo’ri va tulkilarning burun bo’shlig’ida parazitlik qiladi. Oziq bilan o’txo’r sut emizuvchilar (koramol, qo’y, echki va boshqalar) ichagiga tushgan tuxumdan chiqqan lichinkalar ichak atrofidagi limfa bezlari, jigar va o’pkada parazitlik qiladi. Asosiy xo’jayinlari oraliq xo’jayini zararlagan organlarni yeb parazitni yuqtiradi.