BIHAR

BIHAR — Hindistonning shimoli sharqidagi shtat. Nepal bilan chegaradosh. Maydoni 174 ming kilometr kvadrat. Aholisi 86,3 million kishi (1990-yillar o’rtalari). Ma’muriy markazi — Patna shahri. Biharning shimoliy qismi Hindgang tekisligida, Janub esa Chxotanagpur tog’ligining Sharqiy qismida (1000 metrdan baland) joylashgan. Iqlimi tropik, musson iqpim. Qishi quruq, yozi seryog’in. O’rtacha yillik yog’in 1000 millimetr. Tuprog’i shimolda allyuvial, Janubda qizil laterit tuproqlar. Tekislik qismi o’zlashtirilgan. Bambukzorlar uchraydi, tog’li rayonlarida aksariyat barg tashlovchi aralash tropik o’rmonlar (sal, albitsiya, akasiya va boshqalar) o’sadi. Bihar asosan agrar shtat. Konchilik sanoati asosida og’ir sanoat ham rivojlangan. Hududining qariyb yarmi ekinzor, shundan bir qismi sug’oriladigan yerlar. Asosiy qishloq xo’jalik ekini — sholi. Shuningdek makkajo’xori, bug’doy, arpa, tamaki va ko’knor, dukkakli va moyli ekinlar ham ekiladi. Bihar mamlakatda jut va kartoshka yetishtirishda salmoqli o’rin tutadi. Tekisliklarda shakarqamish ekiladi. Chorvachilikda ko’proq qoramol, shuningdek ish hayvoni sifatida foydalanish uchun buyvol (suv sigiri) boqiladi. O’rmon mahsulotlari va lok yig’iladi. Fabrika zavod ishchilarining aksariyati mashinasozlik, metallsozlik, kimyo sanoatida band. Shakarqand sanoati ham rivojlangan. Jut, ip gazlama fabrikalari, tamaki korxonalari bor. Ko’mir (Damodor havzasi), kokslanadigan kumir, temir va mis rudasi, slyuda, uran xom ashyosi, boksit qazib chiqariladi. Gandak va Kosi daryolarida gidrotexnika inshootlari, Bokaroda metallurgiya kombinati, Ranchida og’ir mashinasozlik zavodi qurilgan. Jamshedpurda metallurgiya kombinati, og’ir mashinasozlik korxonalari bor. Baraunida neft zavodi qurilgan. Bihar tarixiy viloyat, hind madaniyati va davlatchiligining muhim markazi. Miloddan avvalgi 6-asrda Biharning Jan.da Magadxa davlati vujudga kelgan. O’sha davrda Bihar iqtisodiy va madaniy jihatdan Hindistonning eng rivojlangan qismi sanalgan. Rivoyatlarga ko’ra buddizm va jaynizm o’sha yerda paydo bo’lgan. 6-asrdan Bihar mustaqil siyosiy ahamiyatini yo’qota boshlagan. 12-asr oxirida Dehli sultonligi tarkibiga kiritilgan. 16— 17-asrlarda Boburiylar davlati, 18-asrda Bengaliya davlati (navobligi) tarkibida bulgan. 1757-65 yillarda inglizlarning OstIndiya kompaniyasiga bo’ysungan. Ingliz mustamlaka hukmronligi davrida Bihar mamlakatning eng qoloq rayonlaridan biriga aylangan. 1911 yil provintsiya (viloyat) huquqini olgan. 1950 yildan Bihar Hindiston Respublikasining shtati.