BIOMETEOROLOGIYA
BIOMETEOROLOGIYA — ekologiyaning bo’limi; atmosfera muhitining geofizik va kimyoviy omillari bilan tirik organizmlar o’rtasidagi bevosita va bavosita aloqalarni hamda iqlim va ob-havo bilan tirik organizmlar o’rtasidagi o’zaro ta’sirni o’rganadi. O’simliklar Biometeorologiyasi, hayvonlar Biometeorologiyasi va odam Biometeorologiyasiga bo’linadi. O’simliklar Biometeorologiyasi atrof muhit barcha komponentlarining ham tabiiy sharoitlarini, ham odamning o’simliklar olamiga ko’rsatadigan turli xil ta’sirini o’rganadi. Hayvonlar Biometeorologiyasi atrof muhit bilan organizmlarning (yashaydigan muhit xususiyatlari bilan bog’liq bo’lgan) holati, rivojlanishi va harakat funktsiyalarining namoyon bo’lishi o’rtasidagi o’zaro ta’sirining keng komplekslarini o’rganadi. Odam uy hayvonlarining yashash sharoitlariga muayyan maqsadga muvofiq ta’sir kursatganligidan uy hayvonlari bilan yovvoyi hayvonlar Biometeorologiyasi o’rtasida muhim tafovutlar bor. Odam Biometeorologiyasi meteorologik elementlar (temperatura, namlik, shamol, radiasiya, atmosfera elektri va boshqalar)ning organizmga ta’sirini, odamlarning atmosfera muhiti o’zgarishlariga moslashuvini, shuningdek turli kasalliklarning paydo bulishida bu o’zgarishlarning o’rni va mohiyatini o’rganadi. Biometeorologiya tabiiy atrof muhitning ta’siridan tashqari inson tomonidan yaratilgan atrof muhit—aholi punktlarida, binolarda va alohida (izolyasiyalangan) sistema (har xil turdagi berk transport va boshqa)lardagi muhitning ta’sirini ham o’rganadi. Organizmning muhit meteorologik va fizik omillari ta’sirida shakllanuvchi issiqlik rejimini o’rganish odam Biometeorologiyasining muhim masalalaridan biridir. Odam organizmining issikdik rejimi (holati)ni baholashda issiqlikni sezishdan (o’ta sovuq, sovuq, salqin, iliq, issiq, o’ta issiq va hokazolar) olingan ma’lumotlardan tashqari yana ob’yektiv ko’rsatkichlar (terlash miqsori, teri harorati, tomir urish tezligi, muskul titrashi va boshqalar) ham hisobga olinadi. Issiqlik holatini baholashda turli hisoblash usullaridan foydalaniladi. Ilmiy asoslangan usullardan biri organizm issiklik balansining tarkibiy qismlarini hisobga olishdir. Fizikaviy modellash usullari ham qo’llaniladi. Kishilarning mehnat qilish va dam olish rejimini optimallashtirish, noqulay ob-havo omillarining ta’sirini kamaytirish maqsadida turli mehnat faoliyati sharoitlarida odamning issiqlik holati xususiyatlariga alohida e’tibor beriladi. Biometeorologik kuzatishlar va hisoblash ma’lumotlaridan organizmlar uchun optimal yashash sharoitlarini ta’minlashda, mehnatni me’yorlash va boshqalarda keng foydalaniladi. Hamid Abdullayev.