BOBURIYLAR DAVLATI

BOBURIYLAR DAVLATI — Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan davlat (1526-1858). 1517 yildan boshlab Dehli sultonligiga ichki nizolar avj olib, sultonlik inqiroega yuz tutdi, mahalliy hokimlar Markaziy hukumatga bo’ysunmay qo’ydi. Lohurda Davlatxon, Dexlida Ibrohim Lo’diy, Mevarda Rano Sango mustaqillik e’lon qildilar. Bobur bundan foydalanib 1519 va 1524 yillari Kobuldan Panjobga yurish qildi va katta o’ljalar olib qaytdi. 1525 yil Rano Sango o’z raqibi Ibrohim Lo’diyni yengish va shu tariqa shimoliy Hindistonni qo’lga kiritish maqsadida Bobur bilan ittifoq tuzdi. Bobur yana Hindistonga yurib, 1525 yil kech kuzida Panjobni bo’ysundirdi. 1526 yilning aprel oyida esa Panipat yonida bo’lgan jangda Ibrohim Lo’diyni yengib, Agra va Dehlini egalladi. Bobur ilgarigi fotixlar singari (masalan, Mahmud G’aznaviy, Amir Temur va boshqalar) Hindistonni tashlab chiqmay, shu yerda qolishga qaror qildi. U 1527 yilning mart oyida Sikri yonida bo’lgan jangda Rano Sangoni ham yengib, butun shimoliy Hindistonni bo’ysundirdi. Bobur 1530 yil dek. oyida vafot etdi. U o’zi fath etgan mamlakatlarni betob kunlari o’g’illariga: Xindistonni to’ng’ich o’g’li Humoyunta, Panjobni Komron Mirzoga, Kobul va Qandahorni Askariy Mirzoga, Badaxshonni Hindol Mirzoga taqsimlab berdi. Humoyun o’z mulkini kengaytirish maqsadida 1534 yil Gujarot va Bixarga yurish qildi. Humoyun afg’on sur qabilasining nufuzli yetakchilaridan Sherxon bilan Chousa va Qunuj (Kanauj) da bo’lgan janglarda mag’lubiyatga uchrab, dastlab Sind va Qandahorga, u yerdan esa Eronga shoh Tahmasp huzuriga qochdi. Shunday qilib, shimoliy Hindiston 1555 yilgacha Sherxon va uning avlodi tasarrufida qoldi. 1555 yil Humoyun Chig’atoy, afg’on, Eron, turkman va ko’chmanchi o’zbek qabilalaridan katta qo’shin to’plab, Hindistonga yurish qildi, o’sha yilning iyun oyida Skandarshoh Surni yengib, Dehlini egalladi. Lekin oradan bir yil o’tgach, Humoyun saroy kutubxonasi zinapoyasidan yiqilib, fojiona halok bo’ldi. 1556 yil taxtga uning hali balog’atga yetmagan o’g’li Akbar o’tqazildi. Akbar (1542-1605) Boburiylar Davlati hukmronligiga qarshi bosh ko’targan Xemu va Skandar sur ustidan g’alaba qozondi, keyinchalik Boburiylar Davlatini birmuncha kengaytirishga muvaffaq bo’ldi. Akbar davrida Hindukushdan Janubdagi Godavari daryosigacha bo’lgan yerlar Boburiylar Davlati tasarrufiga o’tdi. Akbar Markaziy davlat apparatini mustahkamlashga qaratilgan bir qancha islohotlar o’tkazdi. Yer solig’i, davlatni boshqarish tartibi xususidagi qonunlarni ishlab chiqdi. Birinchi qonunga binoan natural soliq pul solig’i bilan almashtirildi. Bu tadbir davlatning moliyaviy ahvolini yaxshiladi. Akbar jizya, ziyoratchilardan olinadigan soliqni, soliq to’plovchilarning maoshi (dorug’a)ni, chopar hamda amaldorlar uchun to’lanadigan yig’im (qo’nalg’a) ni, bozordan yig’iladigan bir qancha soliq va jarimalarni bekor qildi. Akbar zamonida ichki va tashqi savdo rivojlandi. Dengiz orqali olib boriladigan savdoda gujarot va bengaliya alohida o’rin egalladi. Savdo yo’llarida karvonsaroy va quduklar bunyod etilishi savdoni rivojlantirdi. Akbar 16-asrning 60-70-yillarida bir qator islohotlar o’tkazdi. Podshoh hokimi mutlaq hisoblanib, uning huzurida maxsus vakillik Mahkamasi tashkil etildi. Bu islohot mamlakatni birlashtirish va davlatni markazlashtirishda muhim rol o’ynadi. Akbarning o’g’li Jahongirshoh (1605-27) otasi davrida joriy etilgan feodal tartiblarni mustahkamladi, Boburiylar Davlatini kengaytirish siyosatini davom ettirdi. Jahongir 1614 yil Mevarni, 1615 yil Assomni va 1621 yil Kashmirdagi kichik Kishtvora navobligini bosib oldi. Bangola viloyatidagi afg’on qabilalarining g’alayonlarini bartaraf etib, ularni bo’ysundirdi. 1624 yildan boshlab hokimiyat uning o’qimishli va tadbirkor xotini Nur Jahon qo’liga o’tdi. Xuddi shu yillardan boshlab mamlakatda ichki kurash yanada kuchayib ketdi. Bu kurashni uning o’g’illari Xurram (Shoh Jahon) va Xisrav Mirzo boshladilar. 1622 yil Xurram otasiga qarshi qo’zg’olon ko’tarib, oxiri taslim bo’ldi. U faqat otasining vafotidan (1627) keyingina Shoh Jahon nomi bilan taxtga o’tirdi. Shoh Jahon (1627-58) ayrim mahalliy mulkdorlar (Bundel hokimi Jujhar, Dekan hokimi Xon Jahon Lo’diy va boshqalar) ning qarshiligiga duch keldi va ularning isyonlarini bostirdi, 1632-36 yillarda Dekan hokimliklarini bo’ysundirdi, 1638 yilda Qandahorni egalladi. Boburiylar Davlatining eng mashhur hukmdorlaridan yana biri Avrangzeb Olamgirdir (1618-1707). U dekan va Bijapurni bo’ysundirdi. Akbar, Shoh Jahon va Avrangzeb hukmronligi davrida Boburiylar Davlati taraqqiy etdi. Mamlakat birmuncha markazlashdi, iqtisod va madaniy hayot o’sdi. Avrangzeb hukmronligining oxirgi yillarida Dekanda marathalar, shimolda afg’on qabilalari, Panjobda sikhlar, Mevar va Marvarda rajputlar qo’zg’olonlari tufayli Boburiylar Davlati og’ir ahvolga tushib qoldi. Avrangzeb vafotidan so’ng ichki kurashlar kuchaydi. Undan tashqari, yevropaliklar (Portugaliya, Daniya, Gollandiya va Angliya)ning bosqinchilik siyosati boshlandi. Natijada mamlakat maydamayda davlatlarga bo’linib ketdi. Boburiylar Davlati 1858 yil ingliz mustamlakachilari tomonidan butunlay tugatildi. Madaniyati. Boburiylar Davlati mahalliy xalqlar madaniyati tarixida progressiv rol o’ynagan; bu yerda obodonchilik va madaniy turmushga katta e’tibor berilgan; ko’plab sug’orish inshootlari qurilgan, yangi yerlar o’zlashtirilgan, bog’-rog’lar bunyod etilgan, shaharsozlik, hunarmandchilik (qog’oz ishlab chiqarish, zargarlik, kulolchilik, temirchilik, qandolatpazlik, to’quvchilik va boshqalar) taraqqiy etgan. Tarixiy hujjatlarda gazlamaning 100 ga yaqin nomi keltirilganligi mamlakatda to’quvchilik keng ko’lamda taraqqiy etganligini ko’rsatadi. Boburiylar mahalliy xalq bilan tobora yaqinlashish siyosatini olib borganlar, idora qilishda mahalliy urf-odatlarga rioya etganlar. Akbar musulmon bo’lmagan xalqlardan olinadigan jizya solig’ini bekor qilgan, turli-tuman dinlarga e’tiqod qiluvchi qabila hamda xalqlarni kelitshtirish maqsadida turli dinlar aqidalari majmuidan iborat umumiy «Dini ilohiy» joriy etishga harakat qilgan. Boburiylar Davlati bilan Movarounnahrdagi davlatlar o’rtasida dastlabki rasmiy madaniy aloqalar 16-asr 30-yillaridan boshlangan bo’lsada, Bobur Hindistonni zabt etgan vaqtdayoq ko’plab shoir, sozanda, bastakor, xonanda, miniatyurachi rassomlarni olib ketgan edi. 16-asr 2-yarmida shayboniylardan Abdullaxon II Akbar saroyiga bir qancha miniatyurachi rassomlar (xususan, Muhammad Murod Samarqandiy)ni, 1585 yil o’z elchilari (shoir Mushfiqiy va boshqalar) ni yuborgan. 1613 yil Buxoro xoni Imomqulixon Jahongirshoh huzuriga, Jahongirshoh ham o’z navbatida Buxoroga o’z elchilari (bular orasida hindistonlik mashhur Hakim Hoziq ham bo’lgan) ni yo’llagan. 1660 yil Boburiylar Davlatiga ashtarxoniylardan Abdulazizxon (1645 80)ning, 1685 yil Buxoroga Avrangzebning elchilari borgan. Movarounnahrdan elchilar hay’atida yuborilgan adabiyot va san’at ahllaridan tashqari turli sabablar bilan Boburiylar Davlatiga kelib yashab qolgan shoirlar, me’mor va miniatyura ustalari ko’p bo’lgan. Boburiylar Davlatida ro’y bergan ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar, madaniy aloqalarning kengayishi natijasida ilm-fan, adabiyot, san’at, me’morlik taraqqiy etgan, astronomiya yuksalgan. Dehli, Jaypur va boshqa shaharlarda rasadxonalar qurilgan. Adabiyotda xalq diniy-sektantlik harakati g’oyalari (turli diniy e’tiqoddagi xalqlar tengligi va boshqalar) ni targ’ib qiluvchi «Bhakti» poeziyasi rivojlangan. Mazkur oqimning yirik namoyandalaridan biri Tulsidas (1532— 1624) mashhur «Ramayana» dostonini yaratgan. Ayni vaqtda shim. Hindistonda forsiy va turkiy tillarda, Markaziy Hindiston (dekan) da urdu tilida saroy poeziyasi taraqqiy etgan, qator nasriy va nazmiy asarlar (Bobur, Bayramxon, Omuliy, Soib Tabriziy, Zebunniso, Bedil, Mirzo g’olib va boshqalarning asarlari) yaratilgan. Ijodda «Hindmusulmon uslubi» (shoirlar o’z asarlarida Hindiston tabiat manzaralarini, voqea-hodisalarini tasvirlasalarda, fors-tojik she’riyatining an’anaviy shakl va obrazlaridan foydalanganlar) vujudga kelgan (Fayziy, «Nal va daman»; Bedil, «Komde va Mudan» va boshqalar), mahalliy xalqlar bilan musulmon aholi o’rtasidagi o’zaro do’stlik, muhabbat goyalari tarannum etilgan. Adabiyotshunoslikka doir muhim asarlar (Bobur, «Aruz risolasi», Alouddavla ibn Yahyo Sayfiy Husayniy, «Nafois ulmaosirot»; Husayn Alixon Azimobodiy, «Nashtari ishq»; Shohnavozxon, «Maosir ulumaro»; Badriddin Kashmiriy, «Ravzat arrizvon va Hadiqat alg’ilmon» va boshqalar) yuzaga kelgan. Movarounnahr, Hindiston va Afg’oniston tarixi, jug’rofiyasi, madaniy aloqalariga bag’ishlangan asarlar (Bobur, «Boburnoma»; Abulfazl Allomiy, «Tarixi Akbarshohiy»; Nizomuddin Axmad, «Tabaqoti Akbariy»; Mirzo Salim Jahongir, «Tuzuki Jahongiriy»; Jahongirshoh, «Jahongirnoma»; Gulbadanbegim, «Humoyunnoma»; Badovuniy, «Muntaxab uttavorix»; Muhammad Mustaidxon Soqiy, «Maosiri Olamgiriy» va boshqalar) yaratildi. Hind, Arab va turkiy xalqlar badiiy va ilmiy adabiyoti nodir yodgorliklari tarjimasiga ham katta e’tibor berildi. Xususan, geometriyaga doir «Lilavatiy», «Atxarvaveda» asarlari, «Mahabharata», «Ramayana» xalq dostonlari (sanskritchadan), Yoqut alhamaviyning jug’rofiyaga oid «Mu’jam ulbuldon» asari (arabchadan), Kamoliddin Dabiriyning «Hayot ulhayvon» va Boburning «Boburnoma»si (eski o’zbek tilidan fors tiliga) tarjima qilingan. 16-18-asrlar mobaynida Boburiylar tomonidan bunyod etilgan qator monumental inshootlar, asosan Movarounnahr va Hindiston me’morlik uslublarining uyg’unlashuvi — yangi «Hindmusulmon uslubi» bo’yicha qurilgan. Qurilish materiali sifatida oq va qora marmardan unumli foydalanilgan. Binolar devori qimmatbaho, rangli toshlar — haqiq, marvarid, sadaf, kahrabo, zumrad, yoqut va boshqalar hamda fil suyagi bilan bezatilgan. Qurilishga Movarounnahr, Hindiston, Eron va Turkiya me’morlari boshchilik qilgan. Bu davr me’moriy yodgorliklaridan Humoyun maqbarasi (1565), baland darvoza (1576), Tojmahal (1632-50), Oltin ibodatxona (1764-66) jahon ahamiyatiga molik. Fotihpursikri shahar qal’asi, Ajmir va Ollohoboddagi qal’alar, Mathuradagi Govindadeva ibodatxonasi, Skandardagi Akbar va E’timoduddavla maqbaralari, Agradagi La’l qal’a, Moti masjid va Avrangoboddagi Bibika maqbarasi va boshqalar. Boburiylar Davlatining yirik me’morlik obidalaridan hisoblanadi. Boburiylar Davlatida miniatyura san’ati keng taraqqiy etgan. Boburiylar miniatyura maktabi (16-asr 2 yarmi — 18-asr)ga Kamoliddin Behzodning shogirdlari — termizlik Mirsayyid Ali va Xo’ja Abdusamad Sheroziylar asos solgan. Bu maktab vakillari dastlab tarixiy risolalar (masalan, «Dostoni Amir Hamza» asari) ga miniatyuralar chizish bilan shug’ullanganlar. Bu asarga bag’ishlangan miniatyuralar 12 jild (1200 tasvir) ni tashkil etgan. Keyinchalik tasviriy san’atda portret va animalistika janrlari ham keng tarqalgan. Mirsayyid Ali boshchiligidagi musulmon va hind miniatyurachilari narsa, voqea va hodisalar manzarasini haqqoniy ifodalashga harakat qilganlar. Boburiylar Davlati miniatyura maktabiga uning so’nggi yillarida O’rta osiyolik musavvirlardan Farruxbek, Muhammad Murod Samarqandiy, Muhammad Nodir Samarqandiy, oqo Rizo ibn Abulhasan Buxoriylar rahbarlik qilganlar. Ular «Boburnoma», «Akbarnoma», «Zafarnoma», «Jome attavorix» kabi asarlarga nafis miniatyuralar ishlaganlar. Muhammad Murod va Muhammad Nodir Samarqandiylar «Shahanshohlik Murakka’i» («Imperiya albomi») uchun ishlangan portretlar (Jahongirshoh, Shoh Jahon, Shermuhammad Navob, Shiva Parvati va boshqalar), Mirsayyid Ali mo’yqalamiga mansub 80 dan ortiq miniatyura lavhalari Vena va London muzeylarida, Muhammad Murodning «Shohnoma» (Xiva nusxasi) qo’lyozmasiga ishlagan 115 ta miniatyurasi O’zbekiston Fasharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Boburiylar Davlatida musiqa san’ati ham yuksak darajada taraqqiy etgan. Bu davrda mahalliy hind musiqasi Movarounnahr va Eron musiqa san’ati an’analari ta’sirida yanada boyigan. Tarixchi Xaydar Mirzo (1499-1551) ning «Tarixi Rashidiy» asarida aytilishicha, bu yerda Movarounnahr musiqiy asboblaridan torlikamonli sozlar ko’proq tarqalgan. Ad.: Gulbadanbegim, Humoyunnoma, T., 1959; Neru Dj., Otkritie Indii, M., 1955;Sinxa N. K.,Banerdji A. G., Istoriya Indii, M., 1954; Bartold V. V., Istoriya izucheniya Vostoka v Evrope i Rossii, 2 izd., M., 1926; Nizomiddinov I. G’., XVI—XVIII asrlarda O’rta Osiyo —Hindiston munosabatlari, T., 1966; Indiyskie miniatyuri XV1XVIII vv., M., 1971; Tyulyaev S. I., Iskusstvo v Indii, M., 1968; Azimjonova S, Gosudarstvo Babura v Kabule i v Indii, M., 1977.