BOG’BONLI MASJID

BOG’BONLI MASJID — Xivadagi me’moriy yodgorlik (1809). Masjidning umumiy tarhi 26x 13,3 metr. Bosh tarzidagi gumbazli darvozaxona orqali hovliga kiriladi. Darvozaxonaning ikki yonida hujralar joylashgan. Xovlining ikki tomoni devor bilan o’ralgan. Yuqorida oldi ayvonli, gumbazli xonaqoh (6,8×6,8 metr) joylashgan. Devori va poydevori pishiq g’ishtdan, darvozaxona peshtog’i silliqlangan g’ishtdan juft-juft qilib terilgan, derazalari panjara shaklida ganchdan ishlangan. Eshigi o’yma naqshli (usta Ro’zi Muhammadning ismi qayd etilgan). Xonaqoh ichki devorlari ganch suvoqli. Janubda mehrob, boshqa tomonlariga chuqur va keng ravoqlar ishlangan. Ayvon shipi va ustun (14-asrga oid)lari o’yma naqshlar bilan bezatilgan. Ustunlar kursilarga o’rnatilgan. Masjid kiraverishiga o’rnatilgan tosh lavhaga usta Polvonqulning ismi va bino qurilgan yili she’riy satr bilan yozilgan.