BOLALIKTEPA
BOLALIKTEPA — Termizshohlar qal’aqasri xarobasi (5-6-asrlar). Termiz shahridan 30 kilometr shimolda. Katta va kichik tepaliklardan iborat bo’lgani uchun shunday atalgan. Bolaliktepani san’atshunos arxeolog L. I. Albaum o’rgangan (1953— 55). Qal’aqasr to’rtburchak shakldagi paxsa poydevor (30x30x6 metr) ustiga xom g’isht (50x30x10 santimetr) dan qurilgan bo’lib, 16 xonadan iborat (ulardan 11 tasi 5-asrda, 5 tasi 6-asrda bunyod etilgan). Tashqariga qaragan xonalarning devorlari nishon tuynukli. Eng katta xona o’rtasiga xom g’ishtdan davra tarhli otashkada (diametri 1,2 metr, balandligi 60 santimetr) ishlangan. Undagi kul qoldiqlari ichidan kuygan bug’doy doni va o’rik danaklari topilgan. Xonalardan sopol va shisha idishlar, turli musiqiy asbob bo’laklari, naqshinkor chilim, taqinchoqlar qadalgan ipak kiyimlar parchasi, chordana qurib bola emizayotgan ayol tasviri tushirilgan shisha turunj (medalon), yog’och qoshiq va boshqalar topilgan. Xonalardan birida devorlarida to’y marosimi aks ettirilgan devoriy rasmlar topilgan.