BOREO PASIFIK OBLAST

BOREO PASIFIK OBLAST — dunyo okeanining zoogeografiya oblasti, tinch okeanining shim. qismi va okean dengizlari shimolda Bering bo’g’ozidan boshlab Janubga taxminan 40° shimoliy kenglikkacha bo’lgan qismini egallagan. Harorat Arktikaga nisbatan ancha yuqori, yil davomida keng miqyosda o’zgarib turadi. Qishda suv akvatoriyasining ancha qismida suzib yuruvchi muzlar hosil bo’ladi. Yozda suv yuzasi bilan suv tubi harorati ancha katta farq qiladi. Boreo Pasifik oblastda sut emizuvchilardan kalan, ya’ni dengiz suvsari, kulrang kit, seld Kiti, shim. tishli Kiti, Tinch okean qisqabosh delfini, oq dengiz cho’chqasi; qushlardan har xil chistiksimonlar, kichik konyuga, Baliqchi qushlar (moevka, qoradum Baliqchi), ko’zoynakli chistik, nayburunlilar (ko’k kachurka) va boshqalar uchraydi. Deyarli barcha keltirilgan qushlar endemic hisoblanadi. Baliqlardan tinch okeani losossimonlari: keta, bukri baliq, nerpa, chavicha kabi endemik turlar; Tinch okeani seldi, ivasi sardinasi, kambalalarning bir necha turi (oq qorin, paltussimon, o’qyoy tishli paltus va boshqalar) tarqalgan. Boreo Pasifik oblastda qisqichbaqasimonlar orasida endemik turlari ham ko’p (masalan, Kamchatka Krabi). Biomassa mikdori va turlari soni jihatidan ikki pallali mollyuskalar, ninaterililar, Ko’ptuklilar va g’ovak tanlilar ancha boy. Arktikadan bu oblastga kitsimonlilarning ayrim turlari, bu oblastdan Arktikaga chistiksimon qushlarning ayrim turlari o’tib turadi. Moevka baliqchisi, Uzoqsharq navagasi har ikkala oblastda ham keng tarqalgan. Oblastning Janub qismida tinch okeani tropik mintaqasi uchun xos bo’lgan turlar uchraydi. Boreo Pasifik oblastdagi ko’pgina hududlarning sohil bo’yida qadimdan baliqlar va boshqa dengiz hayvonlari, Uzoq Sharq seldi, losossimonlar, kambalalar, quloqli tyulenlar, kitlar va kalanlarning bir necha turi ovlab kelingan. Bu hol ilgari bu erlarda keng tarqalgan turlar sonining qisqarib ketishiga olib keldi. Hozir Boreo Pasifik oblastda kamayib borayotgan hayvonlarni saqlab qolish va ko’paytirish maqsadida xalqaro va regional chora-tadbirlar ishlab chiqildi.