BORTDAGI MUVAQQAT DASTUR QURILMASI

BORTDAGI MUVAQQAT DASTUR QURILMASI (kosmonavtikada) — kosmik uchish apparati (kosmik kema) bortiga o’rnatiladigan elektron asbob. Vazifasi — bortdagi tizimlarning boshqaruvga doir buyruq (komanda)larni belgilangan aniq bir vaqtda berishi. Buyruqlarni berish dasturi, ya’ni buyruqlar ketma-ketligi va orasidagi vaqt oldindan (masalan, uchishga tayyorgarlik vaqtida) belgilab qo’yilishi yoki parvoz paytida radio yo’li orqali yerdan uzatilishi mumkin. Agar buyruqlar Yerdan uzatilsa, bortda kiritilayotgan dasturni xotirada saqlab qoladigan qurilma (xotira qurilmasi) zarur bo’ladi. Bortdagi muvaqqat Dastur qurilmasi, odatda, yarimo’tkazgichli elementlardan yasaladigan murakkab elektron tizimdan iborat. U radiosignallar etib bormaydigan hollarda va yer bilan qilinadigan radioaloqalar oralig’ida kosmik kemani boshqarishga imkon beradi.