BOSHQARILADIGAN BALLISTIK RAKETA

BOSHQARILADIGAN BALLISTIK RAKETA — raketa dvigateli va avtomatik boshqarish tizimi bilan ta’minlangan uchuvchi apparat. Apparat raketaning jangovar qismi (kallagi)ni nishon turgan joyga yetkazib beradi. Jangovar qismining uchish traektoriyasi (yo’nalishi) boshqariladi. Boshqariladigan ballistik raketa 3 xil: taktik, operativtaktik va strategik xillarga bo’linadi. Taktik Boshqariladigan ballistik raketalar bir necha o’n kilometrga otiladi. Undan umumqo’shin qismlari va qo’shilmalari jangovar vazifalarini bajarishda foydalaniladi. Operativtaktik Boshqariladigan ballistik raketa bir necha yuz kilometrga otiladi. Bu xil raketalardan yirik qo’shilmalar (masalan, korpus, armiya) jangovar harakatlarida foydalaniladi. Strategik Boshqariladigan ballistik raketa ikki: o’rtacha uzoqlikka otiladigan va qit’alararo turlarga bo’linadi. Raketa dvigateli tipiga ko’ra, Boshqariladigan ballistik raketalarning qattiq yoqilg’i, suyuq yonilgi, yadro energiyasi bilan ishlaydigan xillari bo’ladi. Boshqariladigan ballistik raketalar yer yuzasi, yer ostiga qurilgan inshoot, kema, suv osti kemasidan uchirilishi mumkin. Shunga ko’ra, Boshqariladigan ballistik raketalar «yeryer», «yerkema», «kemayer», «kemakema» sinfidagi raketalarga bo’linadi. Boshqariladigan ballistik raketa tikka uchiriladi. Boshqariladigan ballistik raketa tegishli balandlikka ko’tarilgach, boshqaruvchi asboblar yordamida gorizontal harakatga o’tkaziladi. Dvigatel to’xtagandan keyin raketa o’z inersiyasi bilan artilleriya snaryadi kabi uchadi. Uchirilgan raketa 2 xil usulda — avtonom (mustaqil) va aralash tizimda boshqarilishi mumkin. Avtonom tizim inersiyaga asoslangan bo’lib, radioaloqa ishlamay qolgandagina raketaning uchishini boshqaradi. Biroq bunda nishonga yetib borish aniqligi kamayadi. Uchish dasturi raketaning boshqarish tizimidagi asbobga oldindan o’rnatib qo’yiladi. Raketa uchishiga doyr buyruq yerdagi boshqarish punktidan raketaning radio orqali boshqarish tizimiga yuboriladi. Radio orqali boshqarish tizimi raketa dvigateli to’xtaguncha ishlaydi. Bu tizimdan foydalanilganda raketaning nishonga yetib borish aniqigi ortadi. Boshqariladigan ballistik raketaning jangovar qismida yadro yoki termoyadro quroli, bakteriologik qurol, kimyoviy va yondiruvchi moddalar bo’lishi mumkin. Boshqariladigan ballistik raketalar bir yoki ko’p bosqichli bo’ladi. Har qaysi bosqichda dvigatel va boshkarish asboblari bo’ladi. Birinchi (pastki) bosqich boshqa bosqichlarga qaraganda og’irroq qilinadi. Birinchi bosqich raketani erdan ko’taradi, tezligini oshiradi, havoning zich qatlamlaridan o’tkazib beradi; yoqilgi tugagach, birinchi bosqich ajralib qoladi. Qolgan bosqichlar dvigatellari birinketin ishga tushib, raketaning tezligini oshirib boradi. Ikki bosqichli Boshqariladigan ballistik raketaning tezligi sekundiga 7 kilometrdan, uch bosqichliniki esa ikkinchi kosmik tezlik (sekundiga 11,2 kilometr)dan oshiqroq bo’ladi.