BOSHQARUV ISHLARINI AVTOMATLASHTIRISH

BOSHQARUV ISHLARINI AVTOMATLASHTIRISH — korxonalar, idoralar, hududiy birlashmalar, shahar xo’jaligi, tarmoq va tashkilotlar faoliyatini boshqarish masalalarini hal qilishda matematik usullar, avtomatik qurilmalar va hisoblash texnikasi vositalarini qo’llash. Har xil axborot jarayonlarini avtomatlashtirish imkoniyati Boshqaruv ishlarni avtomatlashtirish tizimini yaratishda asosiy ilmiy-texnik asos hisoblanadi. Ishlab chiqilgan texnik vositalar evaziga boshqarishdagi axborot jarayonlari texnologiyasini butunlay o’zgartirish mumkin. Boshqacha aytganda, ishlab chiqarish va xo’jalik faoliyatidagi holatni aks ettiruvchi ma’lumotlarning tezkorligi va ishonchliligini ta’minlash, ma’lumotlarni qayd qilishni sodda holatga keltirish, zarur xabarlarni izlash va guruhlash, ularning tezligini oshirish, axborot saqlashni mukammallash, hisobotlar tayyorlashda kishi mehnatini kamaytirish, xo’jalik bo’g’inlari orasidagi o’zaro bog’lanish va axborot oqimi sifatini ko’tarish, ikkinchi darajali ma’lumotlardan xoli bo’lib, bo’g’inlararo axborot oqimini tartibga solish, boshqarish uchun olingan ma’lumotlarni saralab, murakkab tahlil ishlarini bajarish, bashoratlash, maqbullash, rejalashtirish va tashkillash masalalarini hal qilish. Bundam tizimlarni barpo etishdan asosiy maqsad ularning texnik asosi hisoblangan EHMni yaratish, axborot jarayonlarini avtomatlashtirishga qodir tizim ma’lumotlarini har tomonlama ishlab chiqish. Odamning texnik vositalar bilan o’zaro muloqotini yengillashtiradigan ma’lumotlarni qayta ishlash qurilmalari, ayniqsa, axborotlarni qayd qilish va aks ettirish bosqichidagi har xil qurilmalar Boshqaruv ishlarni avtomatlashtirish tizimini xalq xo’jaligiga joriy etishni tezlashtirishga imkon beradi. Axborot jarayonlarini avtomatlashtirish asosida eng mukammal matematik modellar qurish hamda maqbul rejalashtirish, loyihalash va boshqarish masalalarini echish usullaridan foydalanishga imkon tug’iladi. Axborot jarayonlarini qulda yoki mexanik ravishda bajarishga asoslangan an’anaviy boshqarish tizimlaridan Boshqaruv ishlarni avtomatlashtirishning farqi shuki, bu tizimni yaratish va foydalanishni tashkil etishning asosiy yo’l yo’riqlari maxsus qoidalar ko’rinishida ifodalangan bo’ladi. Boshqaruvning ayrim bosqichlaridagi jaraenlarni avtomatlashtirish va mexanizasiyalash masalani yechishga doir ma’lumotlarni tayyorlashga ketadigan mehnatni kamaytirmaydi. Bu holatda axborotni kiritish va chiqarish, namunalar hamda dastur apparatini tayyorlashda parallellikning buzilishi dastur va axborotni qayta ishlovchi texnik vositalarni ishlatishda qiyinchilik tug’diradi. Bu qiyinchiliklar tezkor va haqiqiy ma’lumotlar asosida kelajakni uzoq muddatga bashoratlash masalasini hal qilishda, rejali topshiriqlarni tezkorlik bilan bajarishda, boshqarishda foydalaniladigan ma’lumotlarni taqdim etishdagi kechikishlarga sabab bo’ladi. Boshqaruv ishlarni avtomatlashtirish shu jihatdan ham samaraliki, unda birinchidan hisobga olish va boshqarish masalalari yagona majmua ichida hal bo’ladi, ikkinchidan, axborotning harakat yo’li, ya’ni birlamchi axborotdan tortib to bir tizimga solingan boshqaruv ma’lumotlarigacha butunlay qamraladi. Boshqaruv ishlarni avtomatlashtirish tizimining yagona matematik modeli, ya’ni har xil darajadagi o’zaro bog’langan matematik modellar majmui bo’ladi. Bu modellar majmui asosida tizimda avtomatik ravishda maqbullash (optimallash) va rejalashtirish masalasi qo’yiladi va yechiladi. Bu tizimning unumdorligiga hamma amallarning avtomatik ravishda bajarilishi evaziga erishiladi. Boshqaruv ishlarni avtomatlashtirish boshqaruvning tashkiliy-iqtisodiy tizimi turiga kiradi. Boshqaruv ishlarni avtomatlashtirish murakkab tizim bo’lib, o’z tarkibida tub tizimlarni mujassamlashtiradi. Bu tizim ma’lum belgilarga asoslanib ajratilgan va boshqarishning aniq maksad hamda masalalariga javob beradigan tizimning bir qismidir. Shu masalalar doirasida uni alohida tizim deb qarash mumkin. Boshqaruv tizimining matematik ta’minoti yoki dasturlar to’plami odatda ikki guruhga: tashqi va ichki guruhlarga bo’linadi. Birinchi guruh dasturlar to’plami tizimining yuqorida sanab o’tilgan ayrim vazifalarini, ya’ni parametrlarning yo’l qo’yilgan oraliqdan chetlashish hollarini hisobga olish, ishlab chiqarish rejalarini tezkorlik bilan tekislash kabi bir qator vazifalarni bajarishga imkon yaratadi. Ichki matematik ta’minot guruhidagi dasturlar esa boshqarish tizimidagi hisoblash majmuining ishlashini ta’minlaydi. EHMlar uchun tuzilgan dasturlar oddiy amallarni bajaruvchi buyruqlar zanjiridan tashkil topadi. Buyruklar zanjiri ixtiyoriy bo’lmasdan, balki masalani echishning biror matematik usulini amalga oshirishga mo’ljallanadi. Bu usul ko’p hollarda oldindan formulalar yoki ifodalar orqali berilgan bo’ladi. Agar matematik formulalar va mantiqiy shartlar asosida qo’yilgan masalani yechish yuzasidan yuqorida keltirilgan shartlar bajarilsa, u holda bu ketmaketlik qo’yilgan masalani yechish algoritmi deyiladi. Bunday algoritm jarayonni boshqaruvchi operatorga shu jarayon har xil sharoitlarda qanday qilib maqbul boshqarilishi mumkinligini ko’rsatib beradi.