BOSHQIRDLAR

BOSHQIRDLAR (o’zlarini bashkort deb ataydilar) — Rossiya Federatsiyasidagi turkiy xalq. Boshqirdistonning asosiy aholisi (864 ming). Rossiya Federatsiyasida jami 1,35 million. (1992). Markaziy Osiyo respublikalarida ham yashaydilar. Yevropeoid irqiga mansub. Boshqirdlarning ajdodlari Ural tog’ining Janubiy rayonlarida qadimgi davrdan yashab kelgan. 4-asrda hunnlarning katta bir qismi hozirgi Boshqirdistonning Janubiy rayonlariga o’rnashib, yerlik xalqlar bilan aralashib ketgan. 8— 10-asrlarda Volga va Ural daryolari oralig’ida yashagan bir qancha urug’qabilalar (Buzan, tangaur, usergan va boshqalar) ham keyinchalik Boshqirdlar tarkibiga kirgan. 9-15-asrlar mobaynida qipchoqlar, Volga bulg’orlari, majorlar va no’tylarning bir qismi Boshqirdiston yerlariga o’rnashib, Boshqirdlar bilan aralashib ketgan. Boshqirdlarning elat bo’lib shakllanish jarayoni 16-asrda tugaydi. 16-19-asrlarda Boshqirdistonning g’arbiy rayonlariga Volga bo’ylaridan Kozon tatarlari, misharlarning katta bir qismi va qisman marilar, udmurdlar kelib yerlik Boshqirdlar bilan aralashib, ularga singib ketgan. Boshqirdlar o’tmishda chorvachilik (yilqichilik, qo’ychilik) va dehqonchilik bilan shug’ullangan. Boshkird tilida gaplashadi. Boshqirdlar Islom dinining sunniy mazhabiga e’tiqod qiladilar.