BRONXOEKTATIK KASALLIK

BRONXOEKTATIK KASALLIK, bronxoektazlar (bronx va Yunoncha ektasis — cho’zilish) — nafas a’zolari kasalligi, bronxlarning kengayishi (bronxoektaz) bilan kechadi. Tug’ma (ko’p bronxoektazlar) va bronxlar devorining yallig’lanishi (o’pka sili, ko’kyo’tal, surunkali bronxit, zotiljam, gripp va boshqalar) tufayli orttirilgan bronxoektazlar farq qilinadi. Bronxoektatik kasallikda bronxlardagi yallig’lanish jarayoni o’pka, yurak, buyrak va boshqa a’zolar faoliyatiga ham ta’sir qiladi. Dastlab kasallik sezilmasligi mumkin, zo’riqqanda bemorning eti uvishadi, isitmalaydi, yo’talib balg’am tashlaydi, ko’pincha ertalab og’iz to’la balg’am keladi (sutkada 1 litrgacha), u qo’lansa va yiringli bo’ladi. Bronxoektatik kasallik uzoq davom etib, ko’pincha avj olib boradi. Unga tashhis qo’yish uchun bronxografiya o’tkaziladi. Kasallikka xos dastlabki belgilar paydo bo’lganda, darhol vrachga murojaat etish kerak. Aks holda yuraktomir tizimi va buyrakda turli asoratlar yuzaga kelishi va bemorning ish qobiliyati pasayishi mumkin. Kasallik xuruj kilganda bemor kasalxonada davolanadi. Organizmning umumiy quvvatini oshiruvchi dorilar buyuriladi, iqlim bilan davolash, zarur bo’lsa jarrohlik usuli qo’llaniladi.