BUG’LANISH

BUG’LANISH, yalpi bug’lanish, evapotranspirasiya (agrometeorologiyada) — tuproq yuzasi hamda o’simliklardan bug’lanadigan nam (transpiratsiya) miqdori yig’indisi. Bug’lanish tuproq namligi, uning xususiyati, tuproq nam sig’imi, to’shama sirt rangi, havo temperaturasi va nisbiy namligi, shamol va boshqa omillarga bog’liq. Bug’lanish to’g’risidagi ma’lumotlardan agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish, sug’orish vaqti va normalarni aniqlash, qurg’oqchilikka turlicha chidamli ekinlarni rayonlashtirishda, hosilni prognozlash va boshqalarda foydalaniladi. O’rta Osiyoning dehqonchilik mintaqalarida Bug’lanish hisobiga tuprokdan yo’qotiladigan namlik (bug’lanuvchanlik) bir yilda 1200-2000 millimetr va undan ko’proqni tashkil etadi. Bu esa yillik yog’in miqdoriga nisbatan 10-15 marta, vegetatsiya davridagi yog’inlarga nisbatan esa deyarli 40-50 marta ko’pdir. Natijada ekinlarni sun’iy sug’orishga to’g’ri keladi. Sug’orish normasi gidromorf tuproqlarda 3-4 ming m3/ga, avtomorf tuproqlarda esa 6-7 ming m3/ ga. Namlik sarfini kamaytirish uchun tuproqni yumshatish, almashlab ekishni to’g’ri tashkil etish, organik o’g’itlarni ishlatish, tuproq strukturasini yaxshilaydigan sun’iy moddalar solish va boshqa tadbirlar qo’llaniladi.