Bukingem saroyi qachon qurilgan?
Qirolichaning Angliyadagi koshonasi — Bukingem saroyi — qirollar saroylari orasida eng xushnamosi va ko’hnasi sanaladi. U dilovar maskanda ikkala Bog’iston — Grin va Sent Jeyms oralig’ida joylashgan, tevaragida esa tag’inam bahrali, a’lo darajada parvarishlangan bog’lar yastanib yotibdi. Dastavval hozir saroy turgan joyda o’sha kezlari Goring-Xaus deb atalgan koshona qurilgan, keyinchalik esa, Charlz II hukmronligi davrining davlat arbobi graf Erlingtonning shahardagi qarorgohiga aylanganida koshona Erlington-Xaus deb atala boshladi. Mazkur koshona 1703 yilda tag-tubidan buzib tashlangan, uning o’rnida Bukingem va Normand gertsogining farmoyishiga ko’ra boshqasi tiklangan edi. Saroyning hozirgi nomi ham shundan olingan. Qirol Georg III nikohlanganidan so’ng ko’p o’tmay 1761 yilda bu saroyni sotib oladi va u o’shandan beri qirollar qarorgohiga aylanadi. Har bir yangi hukmdor kelishi bilan unga qo’shimcha imoratlar qurildi va saroy yanada ulug’vor va mahobatli ko’rinishga ega bo’lib boraveradi. Shunday qilib, saroyning fasadi faqat 1913 yilda o’zining hozirgi ko’rinishiga ega bo’ldi. Bukingem saroyi nodir san’at asarlari va osori atiqalarga kon. Saroyga kirib-chiqish omma uchun berk bo’lganligi tufayli Davlat zallarining diqqatga sazovor joylari bilan televideniye orqali tanishish mumkin, qirolichaning mulki bo’lmish zebu ziynatlar esa Qirollik Galereyasida tanishish uchun doimiy ko’rgazmaga qo’yilgan. Yil — o’n ikki oy, xususan yoz oylarida butun dunyodan kelgan va gvardiya qorovuli almashishini kuzatib turadigan turistlar yoki shunchaki saroyga bir nazar tashlovchilar Angliya qirolichasini o’z ko’zi bilan ko’rishdek sirli umid ilinjida saroy istiqbolidagi yo’lakda g’ujg’on turishadi. Qirolicha saroyda bo’lgan paytlarda Bukingem saroyi tepasida Birlashgan Qirollik davlat bayrog’i hilpirab turadi.