BUZOQBOSHILAR

BUZOQBOSHILAR (Gryllotalpidae) to’g’ri qanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. Qishloq xo’jaligi ekinlarining juda ko’p turlari zararkunandasi. Uzunchoq tanasi 35-50 millimetr, usti qo’ng’ir, qorin tomoni sarg’ishqo’ng’ir tusda; ustqanoti kalta; orqa qanotlari yaxshi rivojlangan; keng, yo’g’on oldingi oyoqlari yer qazishga moslashgan. Buzoqboshilar asosan yer tagida yashaydi, yer ustiga juda kam chiqadi. Tuproqda gorizontal yo’llar qaziydi va 10-20 santimetr chuqurlikda tuxum qo’yish uchun uya quradi. Qo’ng’iz, nimfa hamda lichinka holida qishlaydi; tuxumdan 10-12 kunda lichinkalar chiqib, tuproqsa hayot kechira boshlaydi va qishlab, kelasi yili yozda rivojlanishini tugatadi. Buzoqboshilar, asosan nam yerlarda ko’proq uchraydi. Sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalarida Sharq Buzoqboshilar (Gryllotalpa africana P.), bir tikanli Buzoqboshilar (G. unispina Sauss) va oddiy Buzoqboshilar (G. gryllotalpa L.) tarqalgan. Buzoqboshilar poliz hamda parniklardagi ekinlar ildizi, ba’zan poyalarini kemirib, zarar yetkazadi, shuningdek qazigan yo’llari tuprokdagi namning tez buglanib ketishiga sabab bo’ladi. Ba’zan g’o’za, oqjo’xori, makkajo’xori, arpa va boshqa ekinlarni ham (sholidan tashqari) shikastlaydi. Kurash choralari: zaharli xo’raklardan foydalanish; tuproqni kuzda dixloretan b-ila fumigatsiyalash. Najmiddin Mahmudxo’jayev.