CHARXPALAK

CHARXPALAK — 1) suv sug’oriladigan yerga nisbatan ancha pastda oqadigan ariq va anhorlardan suvni yuqoriga ko’tarib beradigan inshoot; aylanasi bo’ylab cho’michlar o’rnatib qo’yiladigan parrakli katta g’ildirak. G’ildirak diametrining o’lchami anhor yoki ariqning katta-kichikligiga, oqayotgan suvning ko’p yoki kamligiga qarab olinadi. Cho’michlar soni g’ildirakning diametriga bog’liq. Oqib turadigan suv g’ildirak parraklari (kuraklari)ga ta’sir qilib, g’ildirakni aylantiradi, shunda cho’michlar suvga to’ladi. G’ildirak og’ishi bilan cho’michdagi suv novga quyiladi, novdan ariqcha orqali kerakli joyga oqadi. Charxpalak qadimgi suv inshootlaridan biri hisoblanadi. Dastlabki Charxpalaklar miloddan avvalgi 4-3 ming yillikda paydo bo’lgan. Qadimda O’zbekiston hududida ham Charxpalak asosiy suv chiqarish vositasi hisoblangan. 19-asrda nasoslar paydo bo’lgach, Charxpalaklarga bo’lgan ehtiyoj kamaydi, lekin ayrim joylarda hozir ham foydalaniladi; 2) madaniyat-istirohat bog’lari va bolalar maydonlariga o’rnatiladigan ko’ngilochar inshoot. Aylanasi bo’ylab qo’zg’aluvchan qilib o’rindiqlar osib qo’yiladigan katta diametrli g’ildirak. Bunday Charxpalakni elektr dvigatel harakatlantiradi.