CHUVASH TILI

CHUVASH TILI — turkiy tillardan biri; Rossiya Federatsiyasining Chuvashiston, Tatariston, Boshqirdiston respublikalarida va ularga qo’shni bir qancha viloyatlarda, shuningdek, Qozog’iston va Ukrainada tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 2 million kishidan ortiqroq (o’tgan asrning oxirlari). Chuvash tili yuqori (viryal) va quyi (anatri) laxjalariga bo’linadi. Quyi lahja adabiy tilga asos bo’lgan. Chuvash tili o’z taraqqiyoti tarixida avval skif, slavyan, finugor tillari, keyinchalik, tatar va boshqird tillari ta’siriga uchraganligi tufayli boshqa turkiy tillardan bir qancha fonetik va grammatik o’ziga xosliklarga ega. Bunday tafovutlar unlilar soni (9 ta) va talaffuzida, otlardagi ko’plik qo’shimchasining qo’llanishida, ayrim sonlar va olmoshlarning shakily ko’rinishida kuzatiladi. Leksikada qadimgi turkiy, mo’g’ul, finugor, eroniy tillardan, shuningdek, arab va rus tilidan o’zlashgan so’zlar alohida qatlamni tashkil etadi. Chuvash tilining dastlabki grammatikasi 1769 yilda nashr etilgan. 18-asrda va 19-asrning 1-yarmida lug’atlar, liniy adabiyotlarning Chuvash tilidagi tarjimalari, folklor namunalari chop etiladi. Eski Chuvash yozuvi asosan rus grafikasini qo’llagan, 1871 yilda chuvash yozuvchisi va olimi I.Ya. Yakovlev yangi chuvash yozuvini yaratgan. 1933 yildan rus grafikasi asosidagi yangi alifbo joriy etilgan. Ad.: Baskakov A.N., Vvedenie v Izuchenie tyurkskix Yazikov, 2izd., M., 1969.