DALOLATNOMA

DALOLATNOMA — muayyan shaklda tuzilgan rasmiy yozma yuridik hujjat. Dalolatnomalar normativ hujjatlar (ular umumiy huquq me’yorlarini belgilaydi), individual hujjatlar (ular aniq hollarga taalluqli bo’ladi, masalan, mukofotlash to’g’risidagi hujjatlar, sud qarorlari) va sharhlovchi (qonunlarni rasmiy izohlashga oid) hujjatlarga bo’linadi. Qonunda ko’zda tutilgan tartibda tuzilgan, muayyan huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradigan turli hujjatlar ham (masalan, fuqarolik holati hujjatlari) Dalolatnoma deb ataladi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining tegishli moddasida quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan qayd etilishi kerakligi ko’rsatilgan; 1) tug’ilish; 2) o’lim; 3) nikoh tuzilganligi; 4) nikohdan ajralish. Mazkur Dalolatnomalar fuqarolik holati Dalolatnomalarini yozish idoralari va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari (fuqarolar yig’ini) da yuritiladi. Qonunda nazarda tutilgan tartibda tuzilgan hamda muayyan yuridik oqibatlarni yuzaga keltiruvchi turli xil boshqa hujjatlar ham Dalolatnoma hisoblanadi. Ular muassasa yoki ayrim shaxslar faoliyati bilan bog’liq biron bir bo’lib o’tgan (sodir bo’lgan) voqea, hodisa, ish-harakatni yoki mavjud holatni tasdiqlash, unga guvohlik berish maqsadida bir necha kishi tomonidan tuziladi. Bunday Dalolatnomalar deyarli barcha hollarda pul mablag’lari va moddiy boyliklarga bog’liq bo’ladi, binobarin ular ko’proq tadbirkorlik, moliya-xo’jalik faoliyatida, hisob-kitob, oldi-sotdi va savdo sohalarida keng qo’llanadi. Ular tegishli taftish o’tkazilgandan keyin, rahbarlik almashinayotganda, moddiy boyliklarni bir xususiy yoki yuridik shaxsdan ikkinchisiga o’tkazishda, qurib tug’allangan inshootlarni qabul qilishdan oldin va keyin, mashina va uskunalarning yangi nusxalarini sinovdan o’tkazish chog’ida, qimmatdor buyumlarni hisobdan o’tkazish yoki hisobdan chiqarishda, tovarlarni miqdor va sifat bo’yicha qabul qilib olishda, baxtsiz hodisalar yoki tabiiy ofatlar oqibatlarini tekshirishda, sud-tergov ishlari va tibbiyot sohasida, xodimlarning moddiy, yashash sharoitlarini o’rganishda va boshqa hollarda tuziladi.