DAM OLISH UYLARI

DAM OLISH UYLARI – dam olish rejimi muayyan tartibga solingan sog’lomlashtirish muassasalari. Dam olish uylari maxsus tibbiy kuzatuv va davoga muhtoj bo’lmagan sog’lom kishilar uchun mo’ljallangan. Shu jihatdan mineral suvlar, shifobaxsh balchiq bilan davolaniladigan va fizioterapiya qo’llaniladigan sanatoriylardan farq qiladi (ayni vaqtda Dam olish uylarida dam olayotganlarga zarur bo’lganda tibbiy yordam ko’rsata oladigan tibbiyot xodimi bo’ladi). Dam olish uylarida dam oluvchilar uchun iqlimiy, gigienik hamda madaniy-maishiy xizmat ko’rsatish sharoitlari, shuningdek, to’la-to’kis ovqatlanish tarzi e’tiborga olinadi. Dam olish uylari umumiy (kattalar uchun), maxsus (oilaviy, yoshlar uchun) bo’lishi mumkin. 2 kunlik, 12 kunlik va 15 kunlik Dam olish uylari keng tarqalgan. Ularning ayrimlarida (palatka, lager) dam olish turizm bilan qo’shib olib boriladi. Pansionatlar va dam olish bazalari ham mavjud. Birinchi dam olish uyi Toshkent yaqinidagi yalang’och qishlog’ida tashkil etilgan (1934) bo’lib, poytaxt ishlab chiqarish korxonalarining ilg’orlari dam olishiga mo’ljallangan. O’zbekistonda 1-kolxozchilar dam olish uyi Toshkent viloyati Qibray tumanida ochilgan (1947). Dam olish uylariga yo’llanmalarning ko’pi kasaba uyushmasi tomonidan ijtimoiy sugurta mablag’lari hisobiga bepul yoki imtiyozli narxda beriladi. Dam olish uylarida ma’lum rejimga rioya qilinadi, dam oluvchilar ko’proq vaqtni ochiq havoda (ekskursiyada, sport bilan shug’ullanib) o’tkazadilar, ularga sog’lom kishilarga mo’ljallangan ovqatlar beriladi. O’zbekistonda Kumushkon, So’qoq, Sumcha, Xo’jakent, Xondiza, Samarqand, Farg’ona kabi mavsumiy va doimiy Dam olish uylari bor (2002).