DASHTI QIPCHOQ O’ZBEKLARI

DASHTI QIPCHOQ O’ZBEKLARI — qadimdan Dashti Qipchoqning Sharqiy qismida ko’chib yurgan turkiy-mo’g’ul qabilalari. Arlot, bahrin, burqutyaar, Do’rmon, iyjon, Xitoy, qarluqlar, mojor, qipchoq, Qiyot, Qo’ng’irot, Qurlovut, Mang’it, naymam, nukuz, tangut, uyg’urlar, Markit, qo’shchi, o’tarchi, jot, Chimboy, kenagas, uy — shun, tuboyi, toymas, echki, tuman-ming, shodbaxtli, shunqorli va boshqa qabilalar 13- asr oxiri va 14— 16-asrlarda o’tgan Sharq tarixchilari tomonidan umumiy bir nom bilan «o’zbek» deb atalgan. Hamdulloh Qazviniy (1281 — 1350) ning «Tarixi guzida» («Tanlangan tarix») asarida Oltin O’rda xoni O’zbekxonta tobe yerlar va xalqlar haqida fikr yuritiladi va bu qabilalar «o’zbekiyon» («o’zbekiylar»), ular ko’chib yurgan yerlar, ya’ni Sharqiy Dashti Qipchoq esa «mamlakati o’zbek» («o’zbek mamlakati») deb ko’rsatiladi. «O’zbek» atamasini qabilalar uyushmasi va shu qabilalarga qarashli erlarning nomi sifatida O’zbekxon davriga qadar ham qo’llanilgan. Masalan, Mirzo Ulug’bek o’zining «Tarixi arba’ulus» («To’rt ulus tarixi») nomli tarixiy asarida, O’zbekxonning hokimiyat tepasiga kelishi zikrida, «O’zbek ulusi unga berildi», deb yozadi. Ro’zbexon «Mehmonnomai Buxoro» kitobida Dashti Qipchoq o’zbeklari 3 toifadan: Shayboniylar (Shaybon ulusiga kirgan o’zbeklar), qozoqlar va mang’itlarsan tashkil topganligini ko’rsatadi. Shaybon ulusi, manbalarning ma’lumotlariga ko’ra, 1238 yilda tashkil topgan va Ural tog’ining etaklaridan Tobol va Sarisuv daryolarigacha bo’lgan yerlarni o’z ichiga olgan [uning Janubiy chegarasi Orol dengizining shimol sohili, shimol chegarasi esa Chingitura (tura)dabo’lgan]. Mang’it ulusi Emba bilan yoyiq daryolari oralig’idagi yerlarga joylashgan. Mang’itlar 15-asrning 30 yillarida Abulxayrxonta bo’ysundilar. Qozoklar atamasi etnonim sifatida 1446 y.dan boshlab paydo bo’ldi. Oq O’rda xoni O’rusxon avlodi bo’lgan sultonlar: Girayxon (Kirayxon) va Jonibek 15-asrning 40-yillarida Abulxayrxonga bo’ysunishdan bosh tortib, o’z tarafdor-tobelari bilan Chu va Yettisuv vohasiga qochib ketdilar va oradan ko’p o’tmay qozoq xonligiga asos soldilar (1465 yil). Abulxayrxondan qochib ketgan bu qabilalar tarixda «o’zbek-qozoq» nomini oldilar. Dashti Qipchoq o’zbeklari asosan chorvachilik bilan shug’ullangan, vohalarda qisman dehqonchilik qilishgan. Dashti Qipchoq o’zbeklari faqat O’zbekxon zamonida Islom dinini qabul qilganlar, lekin ularning urfodatlarida ma’jusiylikning ayrim alomatlari saqlanib qolgan. Keyingi asrlarda Dashti Qipchoq o’zbeklari O’rta Osiyo va Sharqiy Turkistondagi bir necha xalqning tarkibiga kirgan. Bo’riboy Ahmedov.