Dashti Qipchoq o’zbeklari
Dashti Qipchoq o’zbeklari-qadimdan Dashti Qipchoqning sharqiy qismida hozirgi Qozog’iston, Tobolsk, Tura atroflarida ko’chib yurgan turk-mo’g’ul qabilalari – arlot, bahrin, burqut, do’rmon, iyjon, xitoy, qarluq, mojor, qipchoq, qiyot, qo’ng’irot, qurlovut, mang’it, nayman, nukuz, tangut, uyg’ur, market, qo’shchi, o’tarchi, jot, chimboy, kenagas, uyshin, tuboiy, toymas, eski, tuman-ming, shod-baxtli, shunqorli va boshqa qabilalar XIII asr oxiri va XIV-XVI asrlar yashab o’tgan sharq tarixchilari tomonidan umumiy bir nom bilan, ya’ni “Dashti Qipchoq o’zbeklari” deb atalgan. Dashti Qipchoq o’zbeklri, Ro’zbexonning “Mehmonnomi Buxoro” asarida aytilishicha, uch toifadan, ya’ni shayboniylar (Shaybon ulusiga kirgan o’zbeklar), qozoqlar va mang’itlardan tashkil topgan. Shaybon ulusi, manbalarda ko’rsatilishicha, 1238 yilda tashkil topgan bo’lib, Ural (Yoyiq) tog’ining etaklaridan Tobol va Sarisuv daryolarigacha bo’lgan yerlarni o’z ichiga olgan. Mang’it ulusi Emba bilan Ural (Yoyiq) daryolari oralig’idagi yerlarda joylashgan. XVI asrning 30-yillarida mang’itlar ko’chmanchi o’zbeklar davlatining asoschisi Abulxayrxonga qo’shiladi. Oq O’rda xoni bo’lgan O’risxon avlodi bo’lmish sultonlar – Giryeyxon va Jonibeklar XV asrning 40-yillarida Abulxayrxonga bo’ysunishdan bosh tortib, o’z tarafdorlari bilan Chu va Yettisuv vohasiga qochib ketadi va oradan ko’p o’tmay Qozoq xonligiga asos soldi. 1465 yil Abulxayrxondan qochib ketgan bu qabilalar tarixda “o’zbek-qozoq” nomini olgan. Dashti Qipchoq o’zbeklari asosan chorvachilik bilan shug’ullangan. Ular faqatgina O’zbekxon davrida islom dinini qabul qilgan. Dashti Qipchoq o’zbeklari O’rta Osiyo va Sharqiy Turkistondagi bir necha xalqning tarkibiga kirgan.