DASTA
DASTA — 1) buyum va asboblarning ushlanadigan qismi; 2) bir o’ram, bir tutam ma’nosini ham anglatadi (bir Dasta gul, bir Dasta qog’oz); 3) torli sozlarning chap qo’l bilan ushlanadigan qismi (grif). Tanbur, Sato, dutor, rubob singari an’anaviy sozlarning Dastalari nisbatan uzunroq bo’lib, ularga ichak yoki ip pardalarn bog’lanadi. Ayrimlariga yog’och, suyak pardalar ham yelimlab yopishtiriladi yoki sim, metall pardalar o’rnatiladi. Ijrochi Dastaning pardalariga barmoqlar bilan bosib, tor tovushlarining pastbalandligini o’zgartiradi. G’ijjak, do’mbira kabi sozlarning Dastasi pardasiz. Bunday cholg’ularda tovushlarning o’rni sozandaning barmoqlari bilan musiqa uquvi orqali topib bosiladi; 4) musiqa asari ijrochilari guruhi — ayni ansambl.
DASTA — ipak qurti pilla o’rashi uchun so’kchakka bostiriladigan o’simlik va boshqa materiallardan tayyorlanadigan bog’lam. Dasta past bo’yli, tikansiz, mayda bargli, sertuk o’tlar (mingbosh, oqbosh, sariqbosh, shuvoq, qarg’atirnoq va boshqalar) dan tayyorlanadi. O’t soyada quritilgach, hovol qilib bog’lanadi. Dastani poxol, qog’oz, karton, kanop, sim, kapron va boshqa materiallardan ham tayyorlash mumkin. Bir quti urug’dan chiqqan qurtlar uchun o’t Dastadan 350 yoki poxol Dastadan 150 dona qo’yiladi.