DAVLAT

DAVLAT — mamlakat miqyosida jamiyatni uyushtirish masalalarini hal qilish, uning tashqi munosabatlarini belgilash vakolatlari bo’lgan hukmron tuzilma. Davlat jamiyatni o’z qonun-qoidalariga ko’ra idora qiladi, turli tip, shakllarda tashkil topadi. Davlat to’g’risidagi nazariya huquqshunoslikning muhim sohasi hisoblanadi. Davlat va uning kelib chiqishi, rivojlanish bosqichlari, mohiyat va vazifalari haqida turlicha fikrlar mavjud. Davlat masalasi haqidagi qarashlar, ta’limotlar. Davlat hokimiyati hamda huquqiy hayot hodisalari hamma zamonlarda alohida dolzarblik kasb etib kelgan. Davlat to’g’risidagi ilk tushuncha va qarashlar miloddan avvalgi taxminan 4-3 mingyilliklarda Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoyda paydo bo’lgan. Ular asosan diniy-mifologik xarakterda edi. Avesto ta’limotiga ko’ra, hokimiyat, haqiqat, adolatlilik 3 axloqiy-huquqiy asosga: ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amalga tayanadi. Davlatning vazifasi yovuzlikka qarshi yaxshilik, tinchlik va insonlarning baxtli-saodatli hayotini ta’minlashdir. Islom dini ta’limoti bo’yicha, Allohning o’zi oliy qonun sohibi. Uning talablari, ko’rsatmalari payg’ambarlar orqali insonlarga yetkaziladi. Davlat boshliqlari — podsholar, xonlar Xudoning yerdagi soyasi, vakili hisoblanadi. Diniy-mifologik ta’limotlar bilan birga, keyinchalik Davlat to’g’risidagi dunyoviy qarashlar, g’oyalar rivojlandi. Bunda Platon, Aristotel, Forobiy, Beruniy, J.J. Russo, G.Grosiy, Spinoza, Lokk, Monteske, Kant, Jefferson va boshqalar katta hissa qo’shdilar. Bugungi dunyoviy Davlatlarda ana shu mutafakkirlar ta’limotlari muayyan darajada o’z aksini topgan. Aristotel ham, Forobiy ham insonlar hayotiy zarur masalalarni yechishda va o’z ezgu orzulariga erishishlarida tabiat insonga ato etgan huquqlar (dunyoga kelish, yashash, oila qurish va hokazolar) asosida Davlatga birlashadilar, deb hisoblagan. Davlatga jamiyatda tinchlikni, tartibni ta’minlovchi, jamiyatni idora qiluvchi hokimiyat sifatida qaragan. «Davlat — huquqqa rioya etish, u umum manfaati yo’lida tuzilgan erkin kishilarning mukam-mal Ittifoqi» (Grosiy), «Davlat huquqiy qonunlar himoyasida bo’lgan ko’pchilik odamlarning birlashmasidir» (Kant). G’arbiy yevropalik olim J. Boden «Davlat ichki va tashqi siyosatda mustaqildir», deyish bilan suverenitet, suveren hokimiyat haqidagi fikrni ilgari surgan. Frantsuz mutafakkiri J.J. Russo esa suverenitet xalqniki degan edi. T. Gobbs bu xususda o’zicha tavsif berib, suverenitet sohibi bir shaxs, davlat boshlig’i yoki bir necha kishilar bo’lishi mumkinligini e’tirof etgan. U Davlat zimmasiga «qo’l ostidagilarga tinchtotuvlikni baxsh etish, ular xavfsizligini ta’minlash yuklatiladi», deb yozgan. Davlat haqidagi nazariyalar qanchalik xilma-xil bo’lmasin, Davlatning hamma yerda tashkil topish va rivojlana borish jarayoni o’z yo’li bilan kechdi. Davlatning yuzaga kelishi va tarixiy taraqqiyoti. Dastlabki Davlatlar sug’oriladigan dehqonchilik hududlari — Misr, Mesopotamiya, Elam (hozirgi Eron hududida), Hindiston va Xitoyda bundan 3,5—5 ming yillar muqaddam vujudga keldi. Sug’orish shoxobchalarini bunyod etish bilan mehnat unumdorligining keskin oshishi ularning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Davlatning tashkil topish jarayonida piramida shaklida bunyod etilgan jamiyat vujudga keldi: eng yuqorida yagona hukmdor (podshoh, Fir’avn, xon va hokazolar), quyiroqda — uning eng yaqin safdoshlari, maslahatchilari (Vazirlar, amirlar) turardi. Ulardan keyin quyi martabali amal dorlar, piramidaning asosini esa, qishloq jamoalari tashkil etardi. Davlat oliy hukmdor sanalib, jonli-jonsiz hamma narsalarga, barcha fuqarolarning ham hayoti, ham mulkiga egalik qilardi. Jamiyatning barqaror tabiati Davlatning tub o’zgarishlarsiz yashashini ta’minlab keldi. Chunonchi, qadimgi Misr Davlati miloddan avvalgi 4-3-ming yilliklarda paydo bo’lib, 30 asrdan ko’proq yashadi. G’arb davlatlari Sharq Davlatlaridan ancha keyin paydo bo’lgan, biroq ular ancha tez rivojlangan. Yevropa ijtimoiy jamiyatidagi o’zgarishlar Davlatlarning yangi-yangi tiplarini vujudga keltirib chiqargan. O’zbek xalqi ajdodlarining ilk davlatchiligi tarixi ancha qadim ildizlarga ega. Buni arxeologiya fani va yozma manbalar isbotlaydi. Jumladan, Avesto, Axomaniylar davri mixsimon yozuvlari va qadimgi dunyo (yunonrim) davriga taalluqli manbalarda bu yurtdagi viloyatlarning nomlari, aholining turmushi, dini, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzumi to’g’risidagi ma’lumotlar bilan tanishish mumkin. O’zbek xalqi ajdodlarining ilk davlatchilik tizimiga o’tish jarayoni miloddan avvalgi 2-ming yillikning o’rtalarida boshlandi. Miloddan avvalgi 7-6-asrlarda O’rta Osiyo hududida eng yirik Davlatlar — «Katta Xorazm» va qadimgi Baqtriya podsholigi mavjud edi. So’g’diyona va Farg’ona viloyatlari qad. tarixning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Asrlar davomida o’zbek xalqi ajdodlari chet el bosqinchilari (Axomaniylar, yunon-makedonlar) ga qarshi kurash olib bordilar. Turli sulolalar davrida siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar o’zgarib turdi. Keyingi asrlar davlatchilik tarixini o’rganishda va tadqiq etishda Beruniy, Narshaxiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Bobur, Hofiz tanish Buxoriy va boshqa mualliflar asarlari muhim ahamiyat kasb etadi. O’rta asrlarda o’zbek xalqi davlatchiligi tarixida Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar sulolalarining yirik Davlatlari vujudga keldi. 12-asrning o’rtalarida Xorazmshoxlar mamlakatni markazlashtirishga harakat qildilar, ammo bu jarayonga mo’g’ul istilosi to’siq bo’ldi. O’zbek xalqi davlatchiligi tarixining yangi bosqichi Amir Temur hukmronligi davri bilan uzviy bog’liqdir. Bu davrda hamma soha — iqtisodiy hayot, me’morlik, hunarmandchilik, ilm-fan, san’at yuksak darajada rivoj topdi. Ushbu tarixiy an’ana Ulug’bek davrida davom etdi. Keyingi asrlarda o’zaro nizolar va kurashlarga qaramay, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotda yangi jarayonlarni kuzatish mumkin. 18-asr o’rtalariga kelib O’rta Osiyo hududida uchta Davlat (Buxoro xonligi, Xiva xonligi va Qo’qon xonligi) paydo bo’ldi. Afsuski, ular o’rtasida birlik bo’lmadi, siyosiy qarama-qarshiliklar, o’zaro kurashlar avj oldi. Bunday vaziyatda O’rta Osiyo xonliklari podsho Rossiyasi tomonidan istilo qilinib, Turkiston o’lkasi mustamlakaga aylandi. Shu davrdan boshlab o’lkada istiqlolga erishish va milliy davlatchilikni tiklash uchun xalq harakatlari boshlandi, ayniqsa, 20-asrning 1-choragida bu kurash o’zining yuqori nuqtasiga chiqtdi. O’zbekiston Davlat mustaqilligi e’lon qilinguncha, o’zbek xalqi o’z hayotida mana shunday murakkab tarixni boshidan kechirdi. Turli xalqlar o’z davlatchiligining shakllanish bosqichini ijtimoiy, iqtisodiy va tarixiy-madaniy vaziyatlarga bog’liq holda turli tarixiy davrlarda bosib o’tdilar. Yer yuzida o’z davlatchiligini hech qachon yarata olmagan elatlar va qabilalar saqlanib qolgan bo’lib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bir necha ming yillar ilgarigidek, urug’va qabilaning ma’naviy o’lchamlari, urug’ boshliqlarining obro’-e’tibori bilan boshqarib turilmoqda. Tsivilizatsiya insoniyat madaniyati rivojinigina anglatib qolmay, shuningdek, davlatchilik taraqqiyoti hamdir. Biroq yaqin-yaqingacha hukm surib kelgan markscha-lenincha ta’limotga ko’ra, Davlat sinfiy xarakterga ega, hukmron sinflarning qo’lidagi ekspluatatsiya quroli, jamiyat rivojlana borib, pirovardida Davlat o’z qiyofasidan maxrum bo’ladi va dastavval «yarim davlat»ga aylanib, keyinroq (zarurat bo’lmaganligi bois) umuman barham topadi. Leninning «Davlat va revolyutsiya» asarida bayon etilgan bu xildagi «nazariy qoida»larning tagi puch ekanligini jahon tarixidagi keyingi voqealar isbotlab berdi. Tarixiy taraqqiyot shuni ko’rsatdiki, insoniyat hech qachon hokimiyatsiz, Davlatsiz yashay olmagan, aksincha tom ma’nodagi Davlatning rivojlanishi jamiyatning yuksalishiga olib kelgan. Zotan Davlat jamiyatda barcha sinflar, tabaqalar va millatlarni murosaga keltirib turuvchi kuchdir. U barcha boshqa nodavlat tashkilotlardan o’zining asosiy belgilari bilan va qonunlarining bajarilishi hamma uchun majburiyligi bilan farqlanadi. Davlatning asosiy belgilari. Davlatning belgilari to’g’risidagi masalani huquqshunoslar turlicha talqin qilib kelganlar. Bunda aholining hududiy bo’linishi, odamlar ustidan rahbarlik qiluvchi hokimiyat, soliqlar tizimi alohida ajratib ko’rsatilgan. Hozirgi vaqtda Davlatning umumiy e’tirof etilgan quyidagi asosiy belgilarini ko’rsatish mumkin: Davlat o’z chegaralari doirasida fuqarolik belgisi bo’yicha Birlashgan butun jamiyat, aholining yagona vakili sifatida maydonga chiqadi; Davlat — suveren hokimiyatning yagona egasidir; Davlat — yuridik kuchga ega bo’lgan va huquq normalarini aks ettirgan qonunlar va ularga asoslanib chiqarilgan hujjatlarni qabul qiladi; Davlat — o’z funktsiyalarini bajarish uchun zarur Davlat organlari hamda tegishli moddiy vositalar tizimidan iborat mexanizm (mahkama)ga, huquqni muhofaza qilish (jazolash) organlari — sud, prokuratura, militsiya, polisiya kabilarga, o’z mudofaasi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va xavfsizligini ta’minlovchi qurolli kuchlar hamda xavfsizlik organlariga ega bo’ladi. Davlat tiplari va shakllari. Davlatshunos olimlar Davlatni o’rganishga tarixiy jihatdan yondashib, qadimgi, o’rta asr hamda hozirgi Davlatlarni ajratib ko’rsatadilar. Tarixiy va madaniy rivojlanish qo’shib hisobga olinadigan bo’lsa, deqqonchilik bilan shug’ullanuvchi va sanoat bilan shug’ullanuvchi (yoki industrial taraqqiyotgacha, industrial va postindustrial) Davlatlarga bo’linishi mumkin. Tsivilizatsiya xarakteriga ko’ra, Davlatlar Sharqiy, g’arbiy va aralash (oraliq) Davlatlarga, iqtisodiy taraqqiyot darajasi bo’yicha esa, yuksak rivojlangan, o’rtacha rivojlangan hamda «kambag’al» Davlatlarga ajratiladi. Hoz.irgi zamonda fanda keng foydalanilayotgan Davlat tasnifi quyidagicha: totalitar, avtoritar, Liberal va demokratik Davlatlar. Liberal Davlatda fuqarolarning huquq va erkinliklari jamiyat hayotining barcha sohalarida rasman amal qiladi, Davlat ishlarida fukarolarning rasman ishtiroklariga yo’l qo’yiladi. Man etilmagan hamma narsaga ruxsat etiladi, biroq mavjud Davlat va ijtimoiy tuzumni o’zgartirishga yo’l qo’yilmaydi. Totalitar Davlatda hamma narsa bir g’oyaga — «Davlat — bu hamma narsa, inson esa — hech nima» degan g’oyaga bo’ysundirilgan. Butun hokimiyat hukmron elita qo’lida bo’lib, boshqalar Davlatni boshqarishdan chetlatilgan. Avtoritar Davlatda ham hokimiyat tor quruq kishilar qo’lida bo’lib, shaxsiy manfaatlar Davlat manfaatlari yo’lida qurbon qilinadi. Siyosiy jabhada ruxsat etilganidan tashqari hamma narsa man etilishi tamoyili amal qiladi. Demokratik Davlat fuqarolarning Davlat va jamoat ishlarini boshqarishdagi xuquqlarini amalda ta’minlaydi, shunday ishtirokka amalda yordam beradi. Shaxsning huquq va erkinliklari doirasi juda keng bo’lib, ularni amalga oshirish ta’minlangan bo’ladi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qonun bilan to’g’ridan-to’g’ri taqiqlanmagan hamma narsaga yo’l qo’yiladi. Davlat qurilishida Davlat shakli katta rol o’ynaydi. Yangi Davlatlar tashkil topayotganda uning shakli to’g’ri tanlanishi, joriy etilishi muhimdir. Davlat shakli boshqaruv shakli, Davlat tuzilishi shakli va siyosiy idora usuli (tartib, rejim) tushunchalarini o’z ichiga oladi. Davlat boshqaruv shakli — Davlat hokimiyati va boshqaruvni tuzish hamda tashkil etishning muayyan tartibidir. Boshqaruv shaklining eng qadimgi va hozirgi kunga qadar rivojlanib kelayotgan shakli monarxiya va respublika. Monarxiya ko’proq qadimgi Sharq, shu jumladan, Turon zaminida tashkil topgan Davlatlar shakli edi. Monarxiyaning o’zi ham mutlaq monarxiya va cheklangan monarxiya ko’rinishlariga ega. Mutlaq monarxiya Davlatlarida Davlat boshlig’ining huquqi cheklanmagan, hokimiyat muddatsiz, taxt meros sifatida avloddan avlodga o’tadi, Davlat boshlig’ining ustidan nazorat yo’q va u hech kimga hisobot bermaydi. O’zbekistonda Davlat va huquq nazariyasi hamda tarixining fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi o. Eshonov, M.H.Hakimov, A.A.A’zamxo’jayev, Sh.Z.O’razayevnining olib borgan ilmiy tadqiqotlari bilan bog’liq. Jamiyat taraqqiyotidagi yangi realliklar Davlat to’g’risidagi fanga tamomila yangicha yondashuvlarni taqozo etdi. Davlatshunoslik, yangi tashkil topgan Davlatlardagi siyosiy tizimlar tarixi va ularning rivojlanishi, demokratik institutlar tuzilishi, ularning huquqiy Davlat hayotidagi o’rni xolisona tadqiq qilina boshladi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining huquqiy asoslari va demokratik jamiyat barpo etish muammolari (A.A.Azizxo’jayev), O’zbekistonda Davlat boshqaruvi va Davlat hokimiyatini tashkil etish masalalari (A. To’laganov), Davlat suvereniteti (M.Fayziyev), davlat hamda qonun chiqaruvchi organlarning tuzilishi, faoliyat ko’rsatishi, vakolatlari muammosi, ularning ijtimoiy va Davlat xayotidagi roli (Z. M. Islomov, S. D. Niyatullayev, U. Tojixonov, O.T. Husanov), huquqiy munosabatlar (X.T. Odilqoriyev), inson huquqlari, xalqaro huquq (A.Saidov), huquqiy parlamentarizmning rivojlanishi (E.H.Halilov), o’zbek davlatchiligi tarixi (A.Ziyo) bo’yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Ad.: Karimov I. A., Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q, T., 1998; Karimov I. A., Kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari, T., 1998; Forobiy, Fozil odamlar shahri, T., 1993; Temur tuzuklari, T., 1996; Nik-Kolo Makiavelli, Gosudar, M., 1990; Gobbs, sochinenie v 2-x tomax, M., 1992; A’zamxo’jaev A. A., O’zbekistan Respublikasi davlat mustaqilligining huquqiy asoslari, T., 1993; Boboev H., Amir Temur va uning qarashlari, T., 1992; Davlat va ququq nazariyasi (mas’ul muharrirlar: H.B. Boboev, H.T.Odilqoriev), T., 2000; I slomov 3., Davlat va huquq: umumnazariy masalalar, 2000; Saidov A., Tojixonov U., Davlat va huquq nazariyasi [2 jildli], 1-jild, Davlat nazariyasi, T., 2001; Istoriya politicheskix i pravovix ucheniy, M., 1996; Avesto va uning insoniyat taraqqiyotidagi o’rni, T., 2001; Sagdullaev A., Aminov B., Mavlonov O’., Norqulov N., O’zbekiston tarixi; davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, T., 2000; Ziyo A., O’zbek davlatchiligi tarixi (eng qadimgi davrdan Rossiya bosqiniga qadar), T., 2000; O’zbekistan davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001. Halimboy Boboev, Olim Husanboyev.